Eron klublari Qatar va BAA jamoalariga qarshi o‘yinlarni neytral maydonlarda o‘tkazadi

Eron klublari Qatar va BAA jamoalariga qarshi o‘yinlarni betaraf maydonlarda o‘tkazadi.
Osiyo Elit Chempionlar Ligasining guruh bosqichiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, Eronning “Istiqlol” va “Traktor” klublari Qatar hamda Birlashgan Arab Amirliklari vakillariga qarshi o‘z uy uchrashuvlarini neytral maydonlarda o‘tkazadi.
Mintaqadagi xavfsizlik va ziddiyatlarga qaramay, Tehronning “Istiqlol” va Tabrizning “Traktor” jamoalari BAAning “Al-Ayn”, “Al-Vasl” va “Shabab Al-Ahli” hamda Qatarning “Al-Garafa”, “As-Sadd” va “Al-Shamal” klublari bilan bir guruhdan joy oldi.
Mintaqadagi harbiy vaziyat sababli fevral oyida Eron ichki chempionati to‘xtatilgan edi. O‘tgan dam olish kunlari musobaqa qayta tiklandi, biroq ayrim o‘yinlar yopiq eshiklar ortida yoki muxlislar soniga cheklov qo‘yilgan holda o‘tkazilmoqda.
Osiyo Elit Chempionlar Ligasining yangi mavsumi 14-sentabr kuni start oladi. Musobaqa har biri 16 tadan jamoadan iborat G‘arbiy va Sharqiy mintaqaviy zonalarga bo‘lingan bo‘lib, jamoalar uy-safar tizimida bahs olib boradi. Har bir guruhdan eng yaxshi 8 ta jamoa nimchorak finalga yo‘l oladi. Chorak finaldan boshlab barcha hal qiluvchi uchrashuvlar Saudiya Arabistonida o‘tkaziladi. Musobaqaning final bahsi esa 1-mayga belgilangan.
Ma’lumot uchun, AQSH va Isroil fevral oyida Eronga hujum qilgach, rasmiy Tehron o‘z bazalaridan zarbalar berishga yo‘l qo‘ygani uchun Qatar va BAA hududlaridagi nishonlarga o‘t ochganini ma’lum qilgan va buni qasos deb atagandi. Qo‘shni davlatlar Tehrondan hujumlarni to‘xtatishni so‘ragan.

