Eron Britaniya harbiy tuzilmalarini terrorchi tashkilotlar deb e’lon qildi
Rasmiy Tehron Buyuk Britaniyaning AQSH va Isroilga Eronga qarshi harbiy amaliyotlarda foydalanish uchun bazalar hamda logistika obyektlarini taqdim etishini dushmanona siyosat sifatida baholagan.

Eron Britaniya harbiy tuzilmalarini terrorchi tashkilotlar deb e’lon qildi
Eron Tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniyaning qirollik harbiy-dengiz floti va harbiy-havo kuchlarini terrorchi tashkilotlar sifatida tan oldi. Bu qaror Londonning Eronga nisbatan “dushmanona harakatlari”ga javob sifatida qabul qilingan.
Press TV telekanali xabariga ko‘ra, Eron tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniya razvedka xizmati — MI6 ni ham dushman tashkilot deb e’lon qilgan.
Vazirlik bayonotida Buyuk Britaniya AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi uchun harbiy bazalar hamda logistika obyektlarini taqdim etgani ta’kidlangan.
Eron tomoni bu qadamlarni Buyuk Britaniyaning dushmanona siyosati deb baholagan va ularga javoban tegishli choralar ko‘rilganini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniya 2026-yil 1-mart kuni AQSHga Eronga qarshi operatsiyalar doirasida Britaniya harbiy bazalaridan cheklangan mudofaa maqsadlarida foydalanishga ruxsat bergan edi. Unga ko‘ra, Amerika harbiylari ushbu bazalardan Eronning raketa omborlari va uchirish qurilmalariga qarshi mudofaa xarakteridagi zarbalar berish uchun foydalanishi mumkin.
London bu qarorni mintaqadagi ittifoqchilarini himoya qilish va Eronning keyingi raketa hujumlarining oldini olish zarurati bilan izohlagan. Britaniya dastlabki AQSH–Isroil hujumlarida qatnashmaganini, bazalardan foydalanishga berilgan ruxsat esa faqat cheklangan mudofaa maqsadlarini ko‘zlashini ta’kidlagan.
Avvalroq Eron oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy oliy martabali qo‘mondonlarga “dushman tomonidan bo‘ladigan har qanday ehtimoliy tahdidga geografik chegaralarsiz, zudlik bilan va samarali javob berish” haqida ko‘rsatma bergan edi.

