Ericsson Oʻzbekistonda 5G tarmoqlarini rivojlantirishga qiziqish bildirdi
Shvetsiyaning Ericsson telekommunikatsiya kompaniyasi Oʻzbekistonda 5G tarmoqlarini rivojlantirish va aloqa infratuzilmasini modernizatsiya qilish boʻyicha mahalliy mobil operatorlar bilan hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi. Kompaniya delegatsiyasining yil oxirigacha Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.

Ericsson Oʻzbekistonda 5G tarmoqlarini rivojlantirishga qiziqish bildirdi
«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, bu masalalar Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillarining Ericsson rahbarlari bilan onlayn uchrashuvida muhokama qilingan.
Muzokaralarda kompaniyaning Janubiy Yevropa va Yevroosiyo boʻyicha rahbari Andrea Missori hamda Markaziy Osiyo va Ozarboyjon boʻyicha rahbari Aydin Abjanbekov qatnashgan.
Ericsson vakillari Oʻzbekistonni strategik jihatdan muhim bozorlardan biri deb hisoblashini va mamlakatdagi faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirgan. Hamkorlikning ehtimoliy yoʻnalishlari sifatida 5G tarmoqlari, radioaloqa tizimlari va tayanch telekommunikatsiya infratuzilmasini yangilash tilga olingan.
Kompaniya mobil tarmoqlar uchun apparat va dasturiy yechimlar, shuningdek, raqobatbardosh tijoriy shartlarni taklif qilishga tayyorligini maʼlum qilgan. Zarurat tugʻilsa, xalqaro moliya institutlarini jalb etgan holda moliyalashtirish mexanizmlari ham koʻrib chiqilishi mumkin.
Oʻzbekiston tomoni mamlakat telekommunikatsiya bozori xorijiy kompaniyalar va investorlar uchun ochiqligini taʼkidlagan.
Kelishuvga muvofiq, 2026-yil oxirigacha Ericsson delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi tashkil etilib, tegishli vazirliklar va mahalliy mobil operatorlar bilan muzokaralar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

