Eng qimmat Amerika avtomobili auksionda 42,9 million dollarga sotildi
Shelby Cobra Daytona kimoshdi savdosida sotilgan eng qimmat Amerika avtomobiliga aylandi.

**Eng qimmat Amerika avtomobili 42,9 million dollarga sotilib, rekord o‘rnatdi**
Gooding & Christie’s auksion uyi ma’lumotlariga ko‘ra, 1964-yilda ishlab chiqarilgan Shelby Cobra Daytona kupesi 42,9 million dollarga sotilib, Amerika avtomobillari orasida yangi rekord o‘rnatdi.
Dastlabki bahosi 25 million dollardan oshiq bo‘lgan ushbu modelning yakuniy narxi kutilganidan deyarli ikki barobar yuqori bo‘ldi. Avvalgi rekord 2018-yilda 22 million dollarga sotilgan 1935-yilgi Duesenberg SSJ avtomobiliga tegishli edi.
Shelby Cobra Daytona Ferrari 250 GTO bilan raqobatlashish va poygalarda ishtirok etish maqsadida yaratilgan. Britaniyaning AC Ace rodsteri asosida qurilgan bu model V8 dvigateli va yangi aerodinamik kuzov bilan jihozlangan.
Jami oltita Daytona Coupe avtomobili ishlab chiqarilgan bo‘lib, aynan shu nusxa «Le-Man 24 soati» va Nyurburgringdagi poygalarda qatnashgan.

