Energoregulyator gaz bozori bilan shugʻullanadi, Energetika vazirligi individual ruxsatnomalar berish huquqidan mahrum boʻladi
Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligining vakolatlari tabiiy va suyultirilgan gazga kengaytirilmoqda. 2028 yildan boshlab u tartibga solinadigan tariflar va toʻlovlarni tasdiqlaydi. Shu bilan birga, Energetika vazirligi bundan buyon alohida korxonalar va isteʼmolchilarga individual ruxsatnomalar bera olmaydi.

Energoregulyator gaz bozori bilan shugʻullanadi, Energetika vazirligi individual ruxsatnomalar berish huquqidan mahrum boʻladi
Oʻzbekiston Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligining vakolatlari endi tabiiy va suyultirilgan gazga ham tatbiq etiladi. Bu prezidentning 22 sentyabrdagi farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga koʻra, energoregulyator zimmasiga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz bozorlarini tartibga solish va ularda bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich shakllantirish vazifalari yuklatiladi.
Shu paytgacha regulyator faoliyati asosan elektr energiyasi bozoriga qaratilgan edi. Farmon uning vakolatlari gaz sohasiga ham kengaytirilishini rasman mustahkamlaydi.
Hujjatga ilovada agentlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgan. Xususan, u elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz bozorlarida raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashishi hamda talab va taklif muvozanatini taʼminlashi kerak.
Regulyator, shuningdek, bozor ishtirokchilari uchun teng va shaffof sharoitlarni hamda raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qiladi.
Bundan tashqari, uning vakolatlariga ushbu bozorlar ishtirokchilarini litsenziyalash va litsenziya talablariga rioya etilishini nazorat qilish, shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashda texnologik yoʻqotishlarni hisoblash metodikalarini tasdiqlash kiradi.
2028 yildan boshlab regulyator elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti sohalarida tartibga solinadigan tariflar va toʻlovlarni tasdiqlashi, isteʼmolchilar huquqlari himoya qilinishini nazorat qilishi va ularning murojaatlarini koʻrib chiqishning samarali tizimini joriy etishi lozim.
Yana bir oʻzgarish Energetika vazirligi vakolatlariga tegishli. Farmon bilan idora tomonidan yoqilgʻi-energetika tarmogʻi korxonalari va isteʼmolchilarga shartnomaviy munosabatlar, xizmatlar koʻrsatish va boshqa xoʻjalik masalalari boʻyicha individual xususiyatga ega ruxsatnomalar berish amaliyoti bekor qilinadi.
Bundan tashqari, chora-tadbirlar rejasida yoqilgʻi-energetika tarmogʻida davlat xizmatlarini, jumladan, texnik shartlarni berish va kelishish tartib-taomillarini soddalashtirish nazarda tutilgan.
Buning uchun ushbu jarayonlarni toʻliq proaktiv formatga oʻtkazish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun tegishli hujjat loyihasini tayyorlash rejalashtirilgan.
Hujjatda, shuningdek, energetika sohasining normativ-huquqiy bazasini qayta koʻrib chiqish va tarmoqqa bozor mexanizmlarini yanada joriy etish nazarda tutilgan. Xususan, xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz bozorlarida raqobatni taʼminlash qoidalarini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, farmon bilan Oʻzbekistonda yirik isteʼmolchilar uchun elektr energiyasining tabaqalashtirilgan tariflari ham oʻzgartirildi. Soat 9:00 dan 17:00 gacha ular uchun kamaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllaniladi — tarif 1,5 baravar pasayadi. Tunda esa avvalgi chegirma bekor qilinadi va elektr energiyasi uchun odatiy tarif boʻyicha toʻlov amalga oshiriladi.

