Elektrni bevosita ishlab chiqaruvchidan kimlar sotib oladi?
Oʻzbekistonda yirik isteʼmolchilar mustaqil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilardan tokni oʻzaro kelishilgan narxda xarid qilishi tartibi belgilandi. Kichik va mikroelektr stansiyalari ham oʻz hududidagi maishiy boʻlmagan isteʼmolchilarga bevosita elektr sotishi mumkin. Yangi bozor qoidalari 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Elektrni bevosita ishlab chiqaruvchidan kimlar xarid qiladi?
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-sentabrdagi 527-son qarori bilan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori tamoyillariga oʻtishning birinchi — «Ikki tomonlama shartnomalar asosidagi xaridlar» bosqichi uchun qoidalar tasdiqlandi.
Mazkur hujjat elektr energiyasini sotish va xarid qilish, uni uzatish hamda taqsimlash xizmatlari, shuningdek bozor ishtirokchilari oʻrtasidagi hisob-kitoblarni tartibga soladi.
Qoidalarga muvofiq, ulgurji bozorda yirik isteʼmolchilar mustaqil ishlab chiqaruvchilar bilan ikki tomonlama shartnoma tuzib, elektr energiyasini kelishilgan narxda sotib olishi mumkin. Elektrni tarmoq orqali uzatish va taqsimlash xizmati uchun haqni qaysi tomon toʻlashi shartnomada belgilanadi.
Yirik isteʼmolchi sifatida 6 kilovolt va undan yuqori kuchlanishli tarmoqqa ulangan, yillik elektr isteʼmoli kamida 10 million kilovatt-soat boʻlgan isteʼmolchilar belgilangan.
Ammo byudjet tashkilotlari, kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan suv taʼminoti va suv nasos stansiyalari, fermer xoʻjaliklari hamda mobil aloqa operatorlari bu toifaga kiritilmagan.
Chakana bozorda esa quvvati 5 megavattgacha boʻlgan mikro va kichik elektr stansiyalari oʻz hududidagi taqsimlash tarmogʻiga ulangan isteʼmolchilarga elektrni oʻzaro kelishilgan narxda sotishi mumkin. Bu yerda hudud deganda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, tegishli viloyat yoki Toshkent shahri nazarda tutiladi. Ushbu imkoniyat maishiy isteʼmolchilarga tatbiq etilmaydi.
Maishiy isteʼmolchilar elektr energiyasini tayinlangan taʼminotchidan tartibga solinadigan tarif asosida oladi. Hujjatda aholi uchun yangi tarif miqdorlari belgilanmagan.
Ikki tomonlama shartnomalar bir yildan ortiq amal qilmaydi. Elektr hajmlari har bir soat kesimida rejalashtiriladi va hisob-kitob qilinadi. Shartnomada elektr miqdori, narxi yoki uni aniqlash formulasi, toʻlov shartlari, tarmoq xizmatlari xarajatlari hamda zararni qoplash tartibi koʻrsatilishi kerak.
Yirik isteʼmolchi bir nechta mustaqil ishlab chiqaruvchi bilan shartnoma tuzishi mumkin. Maishiy boʻlmagan isteʼmolchilar ham bir nechta mikro va kichik elektr stansiyasidan energiya xarid qilish huquqiga ega.
Shartnomalar bozor operatori tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi va roʻyxatga olingan zahoti kuchga kiradi.

