Elektrda 200, gibrid rejimda 1 200 kilometr: ES-36 samolyoti taqdim qilindi
Shvetsiya–AQShning Heart Aerospace kompaniyasi 36 yoʻlovchiga moʻljallangan ES-36 gibrid mintaqaviy samolyot loyihasini taqdim etdi. Uning ilk yirik buyurtmachisi boʻlgan AQShning JSX aviakompaniyasi 50 ta samolyotga buyurtma berib, yana shunchasini xarid qilish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

Elektrda 200, gibrid rejimda 1 200 kilometr: ES-36 samolyoti namoyish etildi
Naked Science nashri yozishicha, yangi samolyot ilgari eʼlon qilingan ES-30 loyihasining oʻrnini egallagan.
JSX 2023-yilda Heart Aerospace bilan samolyot xarid qilish niyati haqidagi hujjatni imzolagan edi, endi esa kelishuvning bir qismi qatʼiy buyurtmaga aylantirildi. Aviakompaniya yetkazib berish navbatida ham ustuvorlikka ega boʻladi.
JSX yangi samolyotdan anʼanaviy yirik avialaynerlar xizmat koʻrsatmaydigan kichik aeroportlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri qatnovlarni yoʻlga qoʻyish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda.
Kompaniyalar yoʻlovchi salonini joylashtirish, quvvatlantirish infratuzilmasi, yer usti xizmati, yoʻnalishlarni rejalashtirish va samolyotni navbatdagi parvozga tayyorlash jarayonlarini birgalikda ishlab chiqishni moʻljallagan.
ES-30 toʻrtta dvigatelli qilib loyihalashtirilgan edi. ES-36 esa ikkita ketma-ket gibrid kuch qurilmasiga ega boʻladi. Ularning har birida havo vintini bevosita aylantiradigan 1,65 megavatt quvvatli elektr dvigateli bor.
Elektr dvigatellari energiyani akkumulyatorlardan oladi. Parvoz masofasini uzaytirish uchun alohida gaz turbinali generatorlar ham nazarda tutilgan. Bu qisqa yoʻnalishlarda elektr quvvatidan foydalanish, uzoqroq parvozlarda esa generatorlarni ishga tushirish imkonini beradi.
Hisob-kitoblarga koʻra, zarur energiya zaxirasi hisobga olinganda, samolyot toʻliq elektr rejimida 200 kilometrgacha ucha oladi. Gibrid rejimda esa parvoz masofasi 1 200 kilometrga yetadi.
Heart Aerospace maʼlumotiga koʻra, ES-36 uchun ES-30 loyihasida belgilangan maksimal uchish massasi va akkumulyator sigʻimi saqlab qolingan. Shunga qaramay, yoʻlovchilar soni oltitaga - 36 oʻringa, foydali yuk koʻtarish imkoniyati esa 640 kilogrammga oshirilgan.
Samolyot qanotlarining qulochi 29 metrni tashkil etadi. Ishlab chiquvchining hisobicha, ES-36 ekspluatatsiya xarajatlari avvalgi avlod anʼanaviy mintaqaviy samolyotlariga nisbatan kamida 40 foiz kam boʻladi.

