Mahalliy

Elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari fosh etildi

O‘zbekistonning bir qator hududlarida elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 2,4 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar natijasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlandi.

Xususan, Sirdaryo tumanida S.U. fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari "Sindorobod" va "Xalqobod" SIU hududlaridagi yer maydonlarida joylashgan suv nasoslarini tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulagan. Bu harakatlar natijasida 1,1 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi ma’lum bo‘ldi.

Davlatobod tumanida esa S.G. MChJ rahbari savdo kompleksida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 558,6 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Shuningdek, Olmazor tumanida G.B. MChJ mas’ul shaxslari va boshqalar Beruniy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangan. Ushbu noqonuniy foydalanish natijasida 272,6 million so‘mlik elektr energiyasi sarflangan.

O‘zbekiston tumanida "T.M." fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari suv nasosini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, 217,8 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

Uchqo‘rg‘on tumanida fuqaro I.N. baliqchilik xo‘jaligida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 112 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Xo‘jayli tumanida "P.M." MChJ mas’ul shaxslari g‘isht ishlab chiqarish zavodida elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida noqonuniy ulanib, 103,6 million so‘mlik elektr energiyasidan foydalangani aniqlandi.

Namangan shahrida esa fuqaro M.Yu. "Shodlik" MFY hududidagi xonadonida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan. Ushbu holatda 100,1 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan yettita holatda noqonuniy foydalanilgan elektr energiyasining umumiy qiymati 2 milliard 464,7 million so‘mni tashkil etadi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.