El Nino Osiyodagi ayrim davlatlarda yangi inqiroz xavfini yuzaga keltirishi mumkin — tadqiqot

El Nino Osiyodagi ayrim mamlakatlarda yangi inqiroz xavfini tug‘dirishi mumkin — tadqiqot
Osiyoning bir qator davlatlarida kuchli tabiiy ofatlar ortidan fuqarolik tartibsizliklari kelib chiqishi ehtimoli bor. Bunga El Nino hodisasi sabab bo‘lishi mumkin.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, El Nino bilan bog‘liq ob-havo hodisalari Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.
Vaziyatni murakkablashtirayotgan omillardan biri — Erondagi urush oqibatlari. To‘qnashuvlar qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan yoqilg‘i va o‘g‘itlar yetkazib berilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Indoneziyada o‘rmon yong‘inlari palma yog‘i hosilini yig‘ib olishni qiyinlashtirgan. Hindistonda esa guruch yetishtirish uchun muhim bo‘lgan musson yomg‘irlari miqdori me’yordan qariyb 15 foizga kam. Tailandda shakar hosili kamayishi kutilmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, Afg‘oniston va Myanmada oziq-ovqat bilan bog‘liq yangi zarba gumanitar inqiroz xavfini oshirishi mumkin.
Tadqiqotda oziq-ovqat xavfsizligi yomonlashishi va fuqarolik tartibsizliklari xavfi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga Hindiston, Indoneziya, Filippin, Bangladesh va Pokiston kiritilgan.
Hisobotda aytilishicha, agar oziq-ovqat narxlari va uning mavjudligi bilan bog‘liq bosim kuchaysa, hukumatlar esa vaziyatga samarali javob qaytara olmasa, ushbu davlatlarda tartibsizliklar va siyosiy beqarorlik yuzaga kelishi mumkin.
2026-yil avgust oyida jahon oziq-ovqat narxi 2022-yil oxiridan beri eng yuqori darajaga chiqdi. Qayd etilishicha, bunga Yevropadagi kuchli issiq va qurg‘oqchilik, Osiyoda El Nino hodisasi yuzaga kelishi ehtimoli, shuningdek, Ukraina va Erondagi urush hamda savdo yo‘llaridagi uzilishlar sabab bo‘lmoqda.
El Nino iqlim hodisasi sanoat inqilobidan keyin kuchayib, so‘nggi o‘n yilliklarda avvalgi ming yillikka nisbatan ancha keskin tus olgan edi.
El Nino nima?
El Nino — Tinch okeanining ekvatorial qismidagi suvlarning anomal darajada isishi bilan bog‘liq iqlim hodisasi. U qurg‘oqchilik, kuchli yog‘ingarchilik, suv toshqinlari va boshqa ekstremal ob-havo hodisalariga sabab bo‘lishi mumkin. Bular esa hosildorlik va oziq-ovqat narxlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Tarixdagi eng kuchli “super El Nino” hodisalaridan biri 1876–1877-yillarda kuzatilgan. U Hindiston, Xitoy va Braziliyada kuchli qurg‘oqchilikni keltirib chiqarib, katta hosilsizlik va ocharchilikka sabab bo‘lgan. Kataklizm oqibatida halok bo‘lganlar soni 50 million kishigacha yetgan.

