Dunyo

El-Nino kuchaymoqda: O‘zbekistonda oktabr va keyingi 2 oy qanday kechishi kutilyapti? Gazeta prognozi

Oktabrda O‘zbekiston bo‘ylab iliq va salqin kunlar almashib tursa ham, harorat me’yor atrofida bo‘lishi, biroq nam havo oqimlari sababli yog‘ingarchilik me’yordan ko‘p tushishi kutilmoqda. Tinch okeanidagi kuchli El-Nino hodisasi kuz va qish boshining seryog‘in hamda nisbatan iliq o‘tishini ta’minlashi mumkin.

El-Nino kuchaymoqda: O‘zbekistonda oktabr va keyingi 2 oy qanday kechishi kutilmoqda? Gazeta prognozi

Tinch okeanining ekvatorial hududida El-Nino, ya’ni suvning keskin isishi tez sur’atlarda kuchayib bormoqda. Sentabrning oxirgi kunlarida aynan Tinch okeanining markaziy katta qismida o‘rtacha suv harorati ko‘p yillik iqlimiy me’yordan 3 darajadan yuqoriga ko‘tarildi. Bu ko‘rsatkich juda kuchli El-Nino tasnifiga juda mos keladi. So‘nggi 150 yil ichida okeanning ayni shu qismida suv harorati bu yilgidek erta va bunchalik yuqori darajada isimagandi.

Jahon meteorologik tashkiloti bahosiga ko‘ra, El-Ninoning 2026-yil kuzida va qishida juda kuchli hodisaga aylanish ehtimoli 100 foizga teng. Bunday jarayon uzoq yillardan beri kuzatilmagani uchun uni super El-Nino deb atash mumkin.

Jahon meteorologik tashkilotining 3-sentabrda e’lon qilingan global mavsumiy prognoziga ko‘ra, sentabr-noyabr oylarida kuchli El-Ninoning yanada faollashishi, dunyoning katta qismida haroratning me’yordan ancha yuqori bo‘lishi hamda Hind okeanida musbat dipol shakllanishi kutilmoqda.

“Kuchli El-Nino O‘zbekistonda namgarchilik va harorat rejimining me’yordan og‘ish ehtimoliga ta’sir qiluvchi yirik iqlimiy omillardan biri hisoblanadi.

“O‘zbekiston ob-havosiga El-Nino va La-Ninya jarayonlarining ehtimoliy ta’sirini baholash” mavzusidagi dissertatsiya ishida bu haqda to‘liq ma’lumotlar qoldirilgan.

Tadqiqotchi 1963-yildan buyon dunyoda kuzatilgan juda kuchli El-Ninolar O‘zbekistonda kuz-qish-bahor mavsumlarini nisbatan iliq va seryog‘inroq qilgan bo‘lishi mumkinligini qayd etadi. Tadqiqotga ko‘ra, juda kuchli El-Nino kuzatilgan yillarda O‘zbekistondagi 50 ta meteostansiyaning 80 foizidan ortig‘ida yog‘ingarchilik me’yordan yuqori bo‘lgan. Qishda esa harorat hudud uchun mos me’yorlardan Termizda +1,8…+3,5°C, Toshkentda +2…+4,5°C, Andijonda +1…+2,5°C yuqori qayd etilgan.

Eng kuchli anomaliyalar asosan yanvar-fevral oylarida kuzatilgan. Juda kuchli epizodlar: 1982−1983-yillarda Nukusda qishki harorat anomaliyasi +3,3…+4,9°C gacha yetgani, 1997−1998-yillarda +2,0…+3,5°C, 2015−2016-yillarda +1,5…+2,5°C bo‘lgani, 2023−2024-yillarda esa asosan kuz-qishda +1…+2°C atrofida bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Jahon meteorologik tashkiloti ham odatda Tinch okeani markazidagi suv haroratining isishi va sovishi hodisalaridan kelib chiqib, uzoq muddatli prognozlarni taqdim etadi. Quyida Jahon meteorologik tashkilotining prognozida 2026-yilning sentabr, oktabr va noyabr oylarida O‘zbekistonda mavsumiy haroratning ko‘p yillik iqlimiy me’yordan ancha yuqori bo‘lishi, yog‘ingarchilik bo‘yicha esa mavsumiy yog‘inlar me’yordan yuqoriroq tushishi keltirilgan.

Turli xalqaro ob-havo markazlari, qo‘shni mamlakatlar ob-havo byurolari hamda boshqa alomatlar asosida O‘zbekistonda oktabr-noyabr hamda qishning birinchi oyi dekabrda oylik havo harorati va yog‘ingarchilikning ko‘p yillik me’yordan chetlashishi xaritalarini taqdim etamiz.

Oktabr — O‘zbekistonda yozdan kuzga o‘tish yaqqol seziladigan oy. Harorat sentabrga nisbatan 6−9 darajagacha past bo‘ladi: kunduzlari odatda +10…+28°C, tunlari esa +2…+17°C oralig‘ida kuzatiladi. Oyning ikkinchi yarmida birinchi kuzgi sovuqlar kuzatilishi mumkin. Yog‘ingarchilik sentabrga nisbatan ko‘payib, aksar hududlarda oyiga 4−6 kun yomg‘ir yog‘adi. Biroq oktabr ob-havosi o‘zgaruvchan: ayrim yillari seryog‘in, ayrim yillari esa juda quruq keladi. Masalan, 2020 va 2025-yil oktabri juda ham quruq o‘tgan.

O‘zgidromet oktabr uchun taqdim etgan maslahatomuz ob-havo prognozida joriy oy harorati va yog‘ingarchiligining ko‘p yillik oylik me’yorga nisbatan qanday og‘ishi mumkinligi haqida ma’lumot berdi. Respublika bo‘ylab oktabrda asosiy qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari joylashgan hududlarda o‘rtacha oylik havo harorati +10 darajadan +19 darajagacha bo‘lishi mumkinligi, yog‘ingarchilik bo‘yicha esa respublikada oy davomida 4 mm dan 24 mm gacha yog‘in tushishi mumkinligi anglashilgan.

Shunday qilib, respublikaning katta qismida oktabr yog‘inlar bo‘yicha ko‘p yillik me’yorga yaqin yoki namgarchil kechishi, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda esa me’yordan kam yog‘in tushishi keltirilgan. Prognoz xaritasida har bir hudud uchun o‘rtacha oylik yog‘in qiymatlari raqamlar ko‘rinishida berilgan. Kuzatuvchilar shu kabi qiymatlardan kelib chiqib, hududlarda qancha yog‘in yog‘ib o‘tishi mumkinligini taxmin qilishlari mumkin.

Oy davomida ko‘plab hududlarga uch yoki to‘rtta, ayrim hududlarda besh yoki oltitagacha nam havo oqimidan yog‘inlar kuzatilishi ehtimoli yuqori. Tog‘ va hatto tog‘ etaklariga yaqin aholi yashash punktlarida oyning ikkinchi yarmida, ehtimol, qor yog‘ishi mumkin. Demak, oy davomida ko‘p yog‘ingarchilikka guvoh bo‘lamiz.

Jahon meteorologik tashkiloti ham oktabrda mintaqa uchun oylik yog‘ingarchilik me’yordan ancha yuqori bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Harorat bo‘yicha esa oy davomida o‘rtacha oylik harorat me’yor atrofida, faqat Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining katta qismida, Buxoro viloyati hududlarida me’yordan biroz yuqori harorat kuzatilishi oydinlashgan.

2−4-oktabr kunlari respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, harorat ko‘tariladi. 4-oktabrdan shimoli-g‘arbiy hududlarga sovuq havo kirib kelib, 5−7-oktabrda respublika bo‘ylab tarqaladi.

Oy davomida iliq va salqin davrlar tez-tez almashib turadi. Iliq kunlarda harorat kechasi +10…+13°C, kunduzi +25…+28°C gacha ko‘tariladi. Sovuq havo kirgan paytda esa kechasi +3…+8°C, kunduzi +15…+20°C gacha pasayadi. Shimolda harorat kechasi 0…−2°C, kunduzi +10…+15°C bo‘lishi mumkin.

Noyabr hamda dekabr oyi prognozlarini tuzishda faqat El Nino hodisasi bilan cheklanib qolmasdan, boshqa alomatlarga ham e’tibor berish kerak. Masalan, yog‘inlarni olib keluvchi Atlantikadagi atmosfera sirkulyatsiyasi ham juda muhim. Ushbu alomat ayni kunlarda bizning mintaqaga namlik olib kiruvchi pozitsiyada turibdi. Uning ta’siri oktabr o‘rtalarigacha O‘zbekistonga bir nechta nam havo oqimlari kirib kelishini ta’minlaydi.

Mintaqada qish-bahor mavsumidagi yog‘in quvvatini belgilovchi yana bir omil Hind okeani shimolidagi suvning isib yoki sovib borishidir, u bilan bog‘liq Hind okeani dipoli musbat fazada bo‘lib turibdi. U kelayotgan uch oylikda, ya’ni kuz va qish boshida ham kuchli isish tomon o‘zgarib, ehtimol, mintaqamiz uchun namlikning kuchli shakllanishida asosiy mintaqaviy atmosfera sirkulyatsiyasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha iqlimiy omillardan biri bo‘lib qoladi.

Oktabrda havo haroratining anomal darajada keskin sovib ketishi bilan bog‘liq kutilmalar hozircha yo‘q. Ammo noyabr va dekabrda qisqa muddatli bo‘lsa ham shimoldan sovuq oqimlar kirib kelishi inkor etilmaydi.

O‘zgidromet noyabr hamda dekabr uchun maslahatomuz prognoz taqdim etmagan. Ammo so‘nggi paytlarda mintaqada ob-havo prognozlari sohasida ancha ilg‘or ishlab kelayotgan Afg‘oniston meteorologiya departamenti oktabr, noyabr hamda dekabr oylari uchun umumiy 3 oylik mavsumiy harorat va mavsumiy yog‘inning me’yordan qanday og‘ishi mumkinligi haqidagi prognozni o‘z rasmiy sahifasiga joylagan. Unga ko‘ra, kelayotgan 3 oylikda Afg‘onistonning katta qismida mavsumiy yog‘ingarchilik me’yordan ko‘p tushishi, mavsumiy harorat ham me’yordan biroz yuqori, ya’ni iliq bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Afg‘oniston prognozi Surxondaryo uchun proksi-indikator sifatida ishlatilishi mumkin, ammo uni Surxondaryo prognozi sifatida talqin qilib bo‘lmaydi.

Noyabrda ham respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik ko‘p yillik iqlimiy me’yordan yuqori, ya’ni namgarchil, harorat bo‘yicha esa oylik harorat ko‘p yillik me’yor atrofida va undan yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Oy uchun shimoldan kirib keluvchi sovuq havo oqimlarining barvaqtroq kirib kelishi va to‘satdan ko‘p aholi istiqomat qiluvchi shaharlarda ham ilk qor yog‘ish hodisalari kuzatilishi ehtimoli yuqori. Bu kabi holat oyning sovuq kelishini anglatmaydi. Aksincha, noyabrda oktabr kabi issiq kunlar ko‘proq va davomli kuzatiladi. Ushbu oyda ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida me’yoriy yog‘inlar kutilsa, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyati hududlarida me’yordan ancha ko‘p yog‘ingarchilik bo‘lishi oydinlashmoqda.

Mintaqada dekabr oyi ham noyabr kabi harorat rejimida biroz yuqori harorat fonida o‘tishi, yog‘ingarchilik bo‘yicha esa ko‘plab hududlarda me’yordan ko‘p yog‘ingarchilik bo‘lishi keltirib o‘tilgan. Dekabr oyida janub tomondan janubiy siklonlarning ko‘proq chiqib kelishi ehtimoli yuqori. Ya’ni shimol hududlaridan tashqari yuqori namgarchilik respublikaning barcha viloyatlariga xos bo‘lishi kutilmoqda.

Takror bo‘lsa-da, shuni yana bir bor alohida ta’kidlash joizki, uzoq muddatli, xususan, oylik va mavsumiy ob-havo prognozlarining o‘zini oqlash darajasi ancha past. Kuz-qish mavsumida har bir oy uchun 60−70 foizdan yuqori aniqlikda prognoz bera oladigan usullar hozircha mavjud emas.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.