«El-Chapo» – ikki marta qamoqdan qochgan tutqich bermas narkobaron
AQShdagi qattiq qoʻriqlanadigan qamoqxonalarning birida mashhurlikda Pablo Eskobardan qolishmaydigan narkobaron saqlanmoqda. «El-Chapo» laqabli bu jinoyatchi Meksikadagi yirik narkokartelga rahbarlik qilgan. U asos solgan toʻda hamon faoliyat koʻrsatmoqda va dunyo boʻylab giyohvand moddalar tarqatishda davom etyapti. Toʻdaboshi esa dahshatli Alkatrasda.

«El-Chapo» – ikki marta qamoqdan qochgan, qoʻlga tushmas narkobaron
Har yili AQShga katta miqdorda giyohvand moddalar kirib keladi, chunki ularga talab yuqori. Narkotiklar asosan Kolumbiya va boshqa Janubiy Amerika davlatlarida tayyorlanib, Karib havzasi va Markaziy Amerika orqali turli yoʻllar bilan AQShga olib kiriladi. Bu logistika zanjirining eng muhim boʻgʻini – Meksika kartellari. Bizning «qahramonimiz» Xoakin Gusman ana shunday narkokartellardan biri – «Sinaloa»ga asos solgan.
Giyohvand moddalar orasida ulgʻaygan bola
Xoakin Gusman 1957-yilda Meksikaning Sinaloa shtatida qashshoq qishloq oilasida tugʻilgan. Oilasi apelsin sotib kun kechirgan, boʻlajak kartel rahbari kattalarga yordamchi boʻlgan. Xoakinning otasi mahalliy narkokartel aʼzosi boʻlib, giyohvand moddalar yetishtirish va sotish bilan ham shugʻullangan. Koʻp oʻtmay, ota Xoakinni «ota kasbini davom ettirsin» deya opiy va kannabis yetishtirishga jalb qiladi. Shu-shu bola yoshligidan giyohvand moddalar ichida katta boʻladi.
1980-yillarda Xoakin Meksika narkobaronlarining «choʻqintirgan otasi» Migel Galyardoning «Gvadalaxara» karteliga qoʻshiladi. Avvaliga oddiy yugurdak boʻladi, keyinroq ishonchga kirgach, Kolumbiyada tayyorlangan narkotikni Meksika orqali AQShga tashishdek «masʼuliyatli ishga» boshchilik qiladi.
Narkokartel rahbari
1989-yilda «Gvadalaxara» karteli rahbari Migel Galyardo hibsga olinib, toʻda bir nechta mustaqil guruhga boʻlinib ketadi. Vaziyatdan foydalangan Xoakin sheriklari va qoʻl ostidagi yigitlar bilan «Sinaloa» karteliga asos soladi. Toʻdaboshi Xoakin Gusman «El-Chapo», yaʼni pakana laqabini oladi, chunki uning boʻyi 168 sm edi.
1990-yillarda «Sinaloa» karteli faoliyatini kengaytiradi. «El-Chapo» topqirligi evaziga giyohvand moddalar tarqatish industriyasiga bir qator yangiliklar olib kiradi. Meksika va AQSH chegarasi ostida elektrlashtirilgan, ventilyatsiya tizimiga ega va relsli maxfiy yerosti yoʻlaklari quradi. Kolumbiyada tayyorlangan kokain, geroin, metaamfetamin va marixuanani chegaradan oʻtkazish uchun suvosti kemalar, samolyotlar, poyezdlar hamda yuk mashinalaridan foydalanadi.
2000-yillarga kelib «Sinaloa» Meksikadagi eng yirik narkokartelga aylanib, bir tomondan hukumat kuchlari, politsiya hamda harbiylarga, boshqa tomondan raqobatchi kartellarga qarshi shafqatsiz urush olib boradi. Toʻda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatiga giyohvand moddalar yetkazib beruvchi yirik jinoiy imperiyaga aylanadi. Xoakin Gusmanning pullari milliard dollardan oshadi. Hatto Forbes uni dunyo milliarderlari roʻyxatiga qoʻshadi. Jurnal 2009-yilda uni dunyoning eng boy odamlari roʻyxatida 41-oʻringa, 2010-yilda 55-oʻringa va 2011-yilda 60-oʻringa qoʻyadi. Oʻsha paytlarda u Karlos Slimdan soʻng Meksikaning eng boy odami hisoblangan.

