Ekvadorda soxta politsiyachilar eng xavfli narkobaronning akasini o‘ldirib ketdi

Ekvadorda soxta politsiyachilar eng xavfli narkobaronning akasini o‘ldirib ketdi
Ekvadorda 12-iyul kuni politsiya formasini kiygan qurolli shaxslar tomonidan eng mashhur narkobaronning akasi o‘ldirildi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 35 yoshli David Masias “Los Choneros” jinoiy guruhining hududiy yetakchisi bo‘lgan. Ushbu guruhga yaqinda uning ukasi Adolfo rahbarlik qilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
“Fito” taxallusi bilan tanilgan Adolfo Masias 2025-yilda Ekvadordan AQSHga ekstraditsiya qilingan edi va hozirda AQSHda sud jarayonini kutmoqda. AQSH hukumati “Los Choneros” guruhini xorijiy terrorchilik tashkiloti deb e’lon qilgan. Ushbu guruh Ekvadorda qotilliklar sonining keskin ortishiga sabab bo‘lgan asosiy jinoiy to‘dalardan biri hisoblanadi.
Hujum qanday sodir bo‘ldi?
Rasmiylar ma’lum qilishicha, David Masias mahalliy vaqt bilan yakshanba kuni saharda o‘ldirilgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, politsiya kiyimidagi erkaklar Masias Tinch okeani sohilidagi Olon shaharchasining elita mahallasida ijaraga olingan uyga bostirib kirgan. Hujumchilar voqea joyidan qochib ketgan. Hozircha holat bo‘yicha hech kim hibsga olinmadi. Jinoiy guruh yetakchilari raqobatchi guruhlar yoki o‘z guruhining a’zolari tomonidan o‘zaro nazorat uchun kurash qurboniga aylanishi odatiy hol hisoblanadi.
Qurbon haqida nimalar ma’lum?
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, David Masias 2018-yilda jinoiy til biriktirish ayblovi bo‘yicha o‘z aybini tan olgan. U qamoqda o‘tirgan vaqtida ham mahbuslarni “Los Choneros” guruhiga yollagan va o‘zi saqlangan qamoqxonani to‘liq o‘z guruhi nazoratiga o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu qotillik “Los Choneros” guruhi uchun navbatdagi og‘ir zarba bo‘ldi. 2025-yilda guruh rahbari Adolfo Masias, iyun oyida esa ularning yana bir akasi Havier qo‘shni Kolumbiyada qo‘lga olingan edi.
Avvalroq AQSH Venesuelada harbiy operatsiya o‘tkazib, boshi uchun 5 million dollar tikilgan narkobaronni o‘ldirgani haqida xabar berilgandi. 12-iyun kuni prezident Donald Tramp Venesuelada xavfli “Tren de Aragua” jinoiy guruhi rahbari Gektor Rustenford Gerrero Flores o‘ldirilganini ma’lum qilgan.

