Ekvador sobiq prezidenti 76 mln dollarlik korrupsiyada ayblanib 5 yilga qamaldi

Ekvadorning sobiq prezidenti Lenin Moreno 76 million dollarlik korrupsiya ishi bo‘yicha aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
28-avgust kuni Ekvador sudi 73 yoshli Morenoni And tog‘lari mintaqasidagi mamlakatning eng yirik gidroelektr stansiyasi (GES) qurilishida pora olganlikda aybladi. Hukmga ko‘ra, unga kelajakda davlat lavozimlarida ishlash umrbod taqiqlanadi. Bosh prokuratura bu ish bo‘yicha tergovni 2023-yil mart oyida boshlagan edi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Moreno va uning oila a’zolari, shuningdek, ularning mahalliy va xitoylik hamkorlari, jumladan, Xitoyning Kito (Ekvador poytaxti)dagi sobiq elchisi ham korrupsiya tarmog‘iga aloqador bo‘lgan. Ish Coca Codo Sinclair stansiyasi qurilishi bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu GES 2016-yilda ishga tushganidan beri doimiy texnik muammolarga duch kelmoqda.
Hukmni o‘qigan sud raisi Manuel Kabrera shunday dedi: “Lenin Morenoning harakatlari prokuratura aybloviga to‘la mos keladi. U davlat xizmatchisi sifatida pora olgan”.
Sobiq prezidentning rafiqasi va qizi ham aybdor deb topilib, 2 yil-u 6 oyga qamaldi. Uning ikki akasi va yangalari ham xuddi shu muddatga javobgarlikka tortildi. Xitoyning Kitodagi sobiq elchisi Say Rungo esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Dastlab, prokurorlar Moreno va yana 19 nafar ayblanuvchi uchun 6 yildan ortiq qamoq jazosi so‘ragan edi.
Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, Xitoyning Sinohydro kompaniyasi 2009-2018-yillar davomida soxta maslahat shartnomalari orqali jami 76,1 million dollar atrofida pora bergan. Tergovchilarning ta’kidlashicha, bu pullar avval chet eldagi bank hisoblariga tushgan, so‘ngra soliqlardan xoli hududlardagi (ofshor) soxta kompaniyalar orqali Morenoning oilasi va hamkorlariga yetkazib berilgan.
Prokuraturaning bildirishicha, Moreno 2007-2013-yillarda vitse-prezident lavozimida ishlagan. Aynan shu yillarda u va uning yaqin qarindoshlari 1 million dollardan ortiq pul olgan.
73 yoshli Moreno bu ayblovlarni doim rad etib kelgan. U loyiha shartnomalarini imzolash yoki nazorat qilishga umuman aloqasi yo‘qligini aytgan. Suddagi nutqida Moreno shunday dedi: “Prokurorga maslahatim: siz noto‘g‘ri joyni qidiryapsiz. Shartnomalarni kim imzolaganiga qarang. Doim pora talab qilishga o‘rgangan odamlarni toping. Siz butunlay xato yo‘ldasiz”.
Ma’lumot uchun, Moreno 2017-yildan 2021-yilgacha Ekvador prezidenti bo‘lgan. U bu sudda qatnashish uchun Paragvaydan vataniga qaytib kelgan.
Avvalroq Armaniston sobiq prezidenti Robert Kocharyan sud zalidan kasalxonaga olib ketilgani haqida xabar berilgandi. Korrupsiyada ayblanayotgan siyosatchi doktorlar ko‘rsatmasi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Uning ishi bo‘yicha sud majlisi faqat advokatlar ishtirokida davom etgan.

