Mahalliy

Ekologik loyihalarga xalqaro moliyalashtirishni jalb etishda UNCCD bilan hamkorlik kuchaytiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish

Ekologik loyihalar uchun xalqaro moliyalashtirishni jalb etishda UNCCD bilan hamkorlik yanada kuchaytiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi (UNCCD) Ijrochi kotibi Yasmin Fuad bilan uchrashuv o‘tkazdi. COP17 konferensiyasi doirasida Mo‘g‘ulistonda bo‘lib o‘tgan mazkur muloqotda degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurashish hamda qum va chang bo‘ronlarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda strategik rejalashtirishdan amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni moliyalashtirish bosqichiga o‘tish masalasiga alohida urg‘u berildi. Bunday loyihalar yer resurslarini tiklash, ekotizimlar barqarorligini oshirish va Markaziy Osiyoning ekologik xavflarga chidamliligini kuchaytirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, Yasmin Fuad prezident Sh.Mirziyoyev boshchiligidagi ekologik islohotlar bilan tanishtirildi.

Uchrashuv yakunida UNCCD va uning Global mexanizmi ko‘magida mintaqaviy investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu loyihalarni moliyalashtirishga xalqaro moliya institutlari va iqlim fondlarini, jumladan, Global ekologik jamg‘arma, Yashil iqlim jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro hamkorlarni jalb etish rejalashtirilmoqda.

Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri — Qum va chang bo‘ronlari bo‘yicha mintaqaviy erta ogohlantirish markazini tashkil etish uchun moliyaviy, texnik va ekspert ko‘makni safarbar etishdir.

Mazkur tizim mintaqada qum va chang bo‘ronlarini monitoring qilish va prognozlash imkoniyatlarini kengaytirish, aholi hamda tegishli xizmatlarni o‘z vaqtida ogohlantirish samaradorligini oshirish, shuningdek, ushbu tabiiy hodisalarning ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik oqibatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, chang-tuz chiqindilari va yerlarning degradatsiyasi bilan bog‘liq muammolarni kompleks hal etishga qaratilgan Markaziy Osiyo investitsiya dasturini shakllantirish taklifi ilgari surildi. Mazkur dastur uch ustuvor yo‘nalish bo‘yicha loyihalarni birlashtirishi mumkin:

• mintaqada chang-tuz chiqindilarini kamaytirish;

• Qizilqum hududidagi saksovul ekotizimlarini tiklash;

• qum va chang bo‘ronlari bo‘yicha mintaqaviy erta ogohlantirish tizimini rivojlantirish.

Dasturni amalga oshirishda xalqaro moliyalashtirish, texnik ekspertiza va ekotizimlarni monitoring qilish hamda tiklashning zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

Uchrashuvda Yasmin Fuad Markaziy Osiyoda ekologiya va barqaror rivojlanish sohasidagi ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida “Green University”ning ortib borayotgan rolini alohida ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, transchegaraviy ekologik muammolarni hal etish uchun ilmiy salohiyatni rivojlantirish, malakali mutaxassislar tayyorlash va zamonaviy ekspertlar bazasini shakllantirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston yerlarning degradatsiyasi, cho‘llanish va qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurashish masalalarida mintaqaviy hamkorlikni izchil rivojlantirish tarafdori. Yagon investitsiya loyihalari portfelining shakllantirilishi Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro hamkorlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish hamda yirik ekologik tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi. Hamkorlikning yangi bosqichidagi asosiy vazifa — mintaqaviy ekologik ustuvor yo‘nalishlarni aniq loyihalarga aylantirish, ularni moliyalashtirishning tushunarli mexanizmlarini belgilash, mas’ul ijrochilarni aniqlash va o‘lchanadigan natijalarga erishishdan iborat.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.