Efiopiyaning yettita isyonchi guruhi yangi alyans tuzdi
Bu guruhlar Efiopiyaning eng seraholi hududlarida yillardan beri faol boʻlib kelgan va endilikda birgalikda ishlashlarini aytmoqda.

Efiopiyaning yettita isyonchi guruhi yangi alyans tuzdi
Shimoliy Tigray mintaqasida keskinlik yana kuchaydi
Efiopiyaning yettita isyonchi guruhi Addis-Abebadagi hukumatni agʻdarish va oʻtish davri maʼmuriyatini tuzishni talab qilishga qaratilgan alyans tuzganliklarini maʼlum qildi.
Koalitsiya Amxaradagi «Fano» xalq lashkarlari, Oromo ozodlik armiyasi (OLA), Tigray xalq ozodlik fronti (TPLF) va yana toʻrtta kichikroq guruhni «Yashab qolish uchun alyans» deb nomlangan blok ostida birlashtiradi.
Guruhlar Bosh vazir Abiy Ahmed hukumatini «urush, genotsid, ommaviy vayronagarchilik va oʻta qashshoqlikka» yoʻl qoʻyganlikda ayblamoqda va Efiopiya parchalanib ketish xavfi ostida ekanini aytmoqda.
Federal rasmiylar hozircha bunga izoh bermadi.
Efiopiya mamlakatning eng koʻp aholi yashaydigan shtatlari boʻlmish Oromiya va Amxarada yillar davomida qurolli toʻqnashuvlarni boshdan kechirdi.
Shuningdek, yuz minglab odamlarning halok boʻlishiga va millionlab odamlarning uy-joyini tark etishiga sabab boʻlgan ikki yillik fuqarolar urushi yuz bergan shimoliy Tigray mintaqasida ham yangi keskinlik yuzaga keldi.
Afrika Ittifoqining tinchlik bitimi 2022 yilda ushbu urushga chek qoʻygan edi, biroq har ikki tomon bir-birini kelishuvni buzishda ayblab, keng koʻlamli janglarning qayta boshlanishi xavfi saqlanib qolmoqda.
Oromiya, Amxara va Tigraydan tashqari, yangi alyans tarkibiga yana uchta mintaqa — Ogaden, Afar va Benishangul-Gumuzda joylashgan guruhlar ham kiradi, bu esa u Efiopiyaning 12 ta mintaqaviy shtatidan yarmini qamrab olishini anglatadi.
Amxaraning «Fano» guruhi Tigray urushi paytida federal kuchlar bilan birgalikda jang qilgan edi.
Biroq, urush tugaganidan keyin bir yil oʻtmay, u hukumatning qurolsizlanish haqidagi buyruqlarini bajarishdan bosh tortib, federal hukumatga qarshi qurolli isyon koʻtardi.
Hukumat 2018 yildan beri OLA guruhiga qarshi kurashib kelmoqda.
«Yashab qolish uchun alyans» koalitsiyasi tuzilgani haqidagi eʼlon TPLF va qoʻshni Eritreya oʻrtasidagi taxmin qilinayotgan alyans haqidagi xabarlardan bir necha oy oʻtib yangradi.
Abiy Efiopiyaning «mudofaa qobiliyatiga» ishonchi komil ekanini aytdi.
«Hatto boshqalar qoʻshilsa ham, Efiopiya suvereniteti borasida zarracha qoʻrquvimiz yoʻq», dedi u iyul oyida qonun chiqaruvchilarga.
Mamlakatda iyun oyida umumiy saylovlar boʻlib oʻtdi va ovoz berish jarayoni mojarolar, taʼqiblar haqidagi ayblovlar va muxolifat partiyalarining cheklangan ishtiroki soyasida qolganiga qaramay, Abiyning «Farovonlik» partiyasi parlamentdagi mutlaq koʻpchilik oʻrnini saqlab qoldi.
«Fano» va OLA isyonchi guruhlari saylovni va uning natijalarini rad etdi.
Tigray mintaqasi va uning olti million aholisi ovoz berish jarayonidan butunlay chetda qoldi.

