Ebola epidemiyasi butun Afrikaga tahdid solmoqda – JSST
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus Ebola bezgagi epidemiyasi butun Afrikaga tahdid solayotganini maʼlum qildi.

Ebola epidemiyasi butun Afrikaga xavf solmoqda – JSST
«Kasallik tarqalishining barcha zanjirlari topilib, uzilmaguncha, epidemiya davom etaveradi va Kongo, uning qoʻshnilari hamda butun mintaqa uchun tahdid boʻlib qoladi», – dedi JSST rahbari.
Uning aytishicha, oʻlim holatlarining aksariyati kasallik bilan aloqada boʻlgan deb hisoblanmagan odamlar orasida qayd etilgan.
«Bu bizga nomaʼlum boʻlgan infeksiya yuqish zanjirlari mavjudligini anglatadi. Vafot etganlarning koʻpchiligi hanuzgacha xavfli usullarda dafn etilmoqda, bu esa infeksiyaning yanada tarqalishiga sabab boʻlyapti», – deya taʼkidladi Tedros Gebreyesus.
U xalqaro hamjamiyatni Kongo hukumati tomonidan ishlab chiqilgan va 1,3 mlrd dollar talab etiladigan Ebola epidemiyasiga qarshi kurash rejasini moliyalashtirishni oshirish va tezlashtirishga chaqirdi.
Ebola virusining Bundibugyo turi keltirib chiqargan ushbu epidemiya 2018–2020-yillardagi epidemiyadan ham oshib ketib, Kongo tarixidagi eng yirik va eng koʻp oʻlimga olib kelgan holatga aylandi. Hozir u 2014–2016-yillarda Gʻarbiy Afrikada 30 mingga yaqin odamning kasallanishiga va Gvineya, Liberiya hamda Serra-Leoneda 11 mingdan ziyod kishining oʻlimiga sabab boʻlgan epidemiyadan keyin ikkinchi oʻrinda turadi.
JSST oktabr-noyabr oylarida potensial vaksinalar samaradorligi boʻyicha klinik sinovlarni boshlashni rejalashtirmoqda, davolash usullari boʻyicha sinovlar esa allaqachon olib borilmoqda.
May oyida JSST KDR va Ugandadagi kasallik avj olishini xalqaro ahamiyatga molik jamoat sogʻligʻi uchun favqulodda vaziyat deb eʼlon qilgan edi. Tashkilotning maʼlum qilishicha, genetik tahlil (sekvenirlash) epidemiyaning bir necha oy avval, yaʼni yanvar-fevral oylarida boshlanganini koʻrsatgan.

