Dunyoning eng qurgʻoqchil choʻllaridan biri gulzorga aylandi
Chili shimolidagi kuchli yomgʻirlardan soʻng dunyoning eng qurgʻoqchil hududlaridan biri - Atakama choʻlida gullar ochildi. Mutaxassislar gullash oktabrda avjiga chiqishi va gullar qariyb 15 ming gektar maydonni qoplashi mumkinligini aytmoqda.

Dunyoning eng qurgʻoqchil choʻllaridan biri gulga burkandi
Naked Science nashri AFP agentligiga tayanib xabar berishicha, El-Nino bilan bogʻliq jala yomgʻirlari odatda qaqrab yotadigan katta hududlarning koʻrinishini butunlay oʻzgartirib yuborgan.
Atakama tuprogʻida turli oʻsimliklarning urugʻlari va piyozboshlari uzoq vaqt davomida qulay sharoitni kutib yotgan edi. Kuchli yogʻingarchilik sabab namlik qumli tuproqqa odatdagidan chuqurroq singib, ularning unib chiqishi uchun imkon yaratgan.
Gullash Chili poytaxti Santyagodan taxminan 800 kilometr shimolda joylashgan qoʻriqxona hududida kuzatilgan. Choʻlning gullarga burkanishi odamlar eʼtiborini tortmoqda.
El-Nino dunyoning ayrim hududlariga gʻayrioddiy issiq va qurgʻoqchilik, boshqalariga esa kuchli yogʻingarchilik olib keladi. Xabarda aytilishicha, Chilidagi jala yomgʻirlari aholi uchun ogʻir oqibatlarga sabab boʻlgan: 13 kishi halok boʻlgan, qariyb toʻrt ming uy vayron boʻlgan.

