Layfstayl

Dunyoning eng go‘zal ayollari reytingi yangilandi. Birinchi o‘rinni tailandlik aktrisa zabt etdi

Dunyoning eng go‘zal ayollari reytingida tailandlik aktrisa birinchi o‘rinni egalladi.

17-avgust kuni AQSHning The Netizens Report raqamli media tashkilotiga tegishli Netizens Choice platformasi bir necha oy davomida o‘tkazilgan global so‘rovnoma natijalarini e’lon qildi. Unda internet foydalanuvchilaridan 2026-yilning “dunyodagi eng chiroyli ayoli”ni tanlash so‘ralgan edi.

**Tarixdagi eng yuqori natija**

So‘rovnomada Lingling Sirilak Kvon 22 milliondan ortiq ovoz to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi. U, shuningdek, 10 milliondan ortiq ovoz bilan “2026-yilning eng chiroyli tailandlik aktrisasi” deb ham topildi. Bu 2022-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan yillik so‘rovnoma tarixidagi eng yuqori natija bo‘ldi.

**Ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan turkiyalik aktrisalar**

Ikkinchi o‘rinni 2025-yilgi g‘olib – turkiyalik aktrisa Sila Turkog‘lu 18,5 million ovoz bilan band etdi. Uchinchi o‘rinni esa 2024-yilgi g‘olib, turkiyalik aktrisa Yag‘mur Yuksel egalladi.

**Yetakchilik qilayotgan tailandlik go‘zallar**

Bu yil Tailand shou-biznesi vakillari dunyoning eng chiroyli 20 ayoli reytingida sezilarli darajada ustunlik qildi. Ro‘yxatga Linglingdan tashqari Orm Kornnapat (4-o‘rin), Frin Sarocha (15-o‘rin), Bekki Armstrong (17-o‘rin), Yoko Apasra (18-o‘rin) ham kirdi.

**Xitoylik eng go‘zal aktrisa kim?**

Xitoylik aktrisa Dilrabo Dilmurat esa 3,2 milliondan ortiq ovoz bilan “2026-yilning eng chiroyli xitoylik aktrisasi” deb topildi. Bu nominatsiya ilk bor o‘tkazilgani sababli, u ushbu unvonning birinchi sohibasiga aylandi.

Dilmurat jahon reytingida ham 3,3 milliondan ortiq ovoz bilan 7-o‘rinni egalladi. “Uch hayot, uch olam: Uyqu kitobi” filmi yulduzi 6-o‘rindagi Bay Ludan ancha ortda qoldi – Bay Lu 8 milliondan ortiq ovoz to‘plagan edi. Biroq Xitoyning o‘zida o‘tkazilgan so‘rovnomada Bay Lu uchinchi o‘rinni egalladi.

**Kuchli yigirmatalik**

Dunyoning eng chiroyli 20 ayoli qatoridan joy olganlar: turkiyalik Su Burju Yazgi Joshkun (5-o‘rin), Ilsu Demirji (8-o‘rin), Skarlett Yoxansson (9-o‘rin), Jemre Arda (10-o‘rin), nigeriyalik xonanda Tiva Sevidj (11-o‘rin), Rihanna (12-o‘rin), Bella Hadid (13-o‘rin), K-pop yulduzi Ninnin (14-o‘rin), janubiy afrikalik xonanda Tayla (16-o‘rin), turkiyalik aktrisa Sinem Unsal (19-o‘rin), Sidney Suini (20-o‘rin).

**Lingling Sirilak Kvon kim?**

Ma’lumotlarga ko‘ra, Lingling 1995-yilda tug‘ilgan bo‘lib, xitoy-tay ildizlariga ega. Uning otasi Gonkongdan, onasi esa Tailandning Kalasin provinsiyasidan. 31 yoshli aktrisa otasining vatanida tug‘ilib, 17 yoshida Tailandga ko‘chib o‘tgan. Shu sababli u kanton, mandarin, ingliz va tay tillarida erkin so‘zlasha oladi.

U universitetda turizm yo‘nalishida tahsil olgan. Faoliyatini go‘zallik tanlovlaridan boshlagan va keyinchalik Channel 3 telekanali bilan shartnoma imzolab, aktrisalik faoliyatini boshlagan.

Linglingga katta mashhurlik 2024-yilda chiqqan “Bizning sirimiz” serialidagi roli orqali kelgan. Shundan so‘ng u Tailand shou-biznesining eng talabgir aktrisalaridan biriga aylangan.

**Qimmatbaho brendlar bilan ishlagan**

Hozirgi kunda u Dior brendi yuzi, shuningdek, BYD avtomobil kompaniyasining Tailanddagi ilk vakili bo‘ldi. Uning reklama loyihalari hashamatli mahsulotlar, avtomobillar, kosmetika va ko‘chmas mulk kabi turli sohalarni qamrab oladi. Aktrisa Vogue Hong Kong va Vogue Thailand kabi nufuzli jurnallar uchun ham suratga tushgan.

**Aktrisa bo‘lishni orzu ham qilmagan**

Aktrisa shou-biznesga kirishdan oldin aktyor bo‘lishni orzu qilmaganini aytgan. “Avvaliga tay tilida yaxshi gapira olmasdim, aktyorlik tajribam umuman yo‘q edi. Hatto tay seriallarini tomosha qilishga ham odatlanmagandim”, degan Lingling.

Shunga qaramay, u o‘z ustida ishlab, qisqa vaqt ichida Tailanddagi mashhur aktrisalardan biriga aylangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Lingling agar shou-biznesga kirmaganida, o‘zining sevimli sohasi – biznes bilan shug‘ullangan bo‘lardi. U o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlardan boshqalar foydalanayotganini ko‘rishni yoqtirishini aytgan. Bundan tashqari, Lingling ukasi bilan birga Bangkokda “Guan Ji” restoranini ochgan. U shuningdek, turli shirinliklar ham sotadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.