Dunyodagi kambagʻallar soni oshdi va 1,2 milliard kishiga yetdi - BMT
Kambagʻallarning yarmidan koʻprogʻini (617 million) bolalar tashkil etadi, ularning 83 foizi qishloq joylarda yashaydi.

Dunyodagi kambagʻallar soni oshib, 1,2 milliard kishiga yetdi - BMT
Dunyoda oʻta qashshoqlikda yashayotganlar soni BMT hisob-kitob yurita boshlagan 2010-yildan beri birinchi marta koʻpayib, 1,2 milliard kishiga chiqdi. Bu avvalgi hisob-kitobga nisbatan 51,5 million nafarga koʻp. Bu haqdagi maʼlumotlar BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Oksford universiteti tayyorlagan 2026-yilgi Global kambagʻallik indeksida keltirilgan.
Kambagʻallarning yarmidan koʻprogʻini 617 million bola tashkil etadi, ularning 83 foizi qishloq hududlarida yashaydi.
Indeksda kambagʻallik daromadga qarab emas, balki inson hayotida nimalar yetishmayotganiga — toʻgʻri ovqatlanish, taʼlim, tibbiy xizmat, toza suv, elektr energiyasi va munosib uy-joy mavjudligiga qarab baholanadi. Ushbu neʼmatlarning salmoqli qismidan mahrum boʻlganlar kambagʻal deb hisoblanadi.
Tadqiqot sayyora aholisining 78 foizi yashaydigan 108 ta rivojlanayotgan davlatni qamrab olgan. Bu oʻsish qisman aholi sonining koʻpayishi bilan ham bogʻliq: yangi maʼlumotlar mavjud boʻlmagan 95 ta mamlakatda aholi oʻsishi kambagʻallar sonini yana 15,8 million nafarga oshirdi.
BMTTD rahbari Aleksandr De Kroo shunday dedi:
«Kambagʻallikning ortishi butun dunyo uchun xavotirli signal boʻlishi kerak. Bu raqamlar ortida oʻzaro bir-birini kuchaytiruvchi omillarga - ochlik, taʼlim, toza ichimlik suvi yoki elektr energiyasi yoʻqligiga duch kelayotgan 1,2 milliard inson turibdi».
Baholash koʻrsatkichlari yangilangan 13 ta mamlakatdagi vaziyat turlicha. Misr, Nepal va Tojikistonda kambagʻallarning ulushi ham, soni ham kamaygan boʻlsa, Angola va Zambiyada ulushi qisqargan, biroq aholi soni oshgani sababli ularning mutlaq soni baribir koʻpaygan. Nigeriyada 2010-yillardagi kambagʻallikning pasayishi 2020-yillarda yana oʻsish bilan almashdi. Xitoy esa hammadan tez surʼatlarda rivojlandi: 2010-yildan 2014-yilgacha mamlakat aholisi orasida kambagʻallar ulushi 9,5 foizdan 4,2 foizgacha qisqardi.
Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda u soʻnggi oʻn yildagi eng past koʻrsatkich — bor-yoʻgʻi 12 milliard dollar mablagʻ olgan. Ushbu qisqarish, jumladan, Donald Tramp tashabbusi bilan AQSH xalqaro yordami kamaytirilgani tufayli ham yuz berdi.

