Dunyodagi eng «yashil» 15 davlat reytingi tuzildi
2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘rmon maydoni eng katta bo‘lgan davlatlar reytingida Rossiya yetakchilik qildi. Mamlakatda 832,6 mln gektar o‘rmon mavjud. Keyingi o‘rinlarni Braziliya va Kanada egallagan. Dunyodagi barcha o‘rmonlarning yarmidan ko‘pi esa beshta davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Dunyodagi eng "yashil" 15 davlat ro‘yxati tuzildi. Our World in Data platformasi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga asoslanib, 2025-yilga kelib o‘rmon maydoni eng katta bo‘lgan davlatlar ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya 832,6 million gektar o‘rmon maydoni bilan dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich sayyoradagi umumiy o‘rmon maydonining qariyb beshdan bir qismini, ya’ni 20,1 foizini tashkil etadi.
Ikkinchi o‘rinda Braziliya joylashgan bo‘lib, uning o‘rmon maydoni 486,1 million gektarni tashkil etadi. Kanada esa 368,8 million gektar o‘rmonga ega.
Keyingi o‘rinlarni AQSh (308,9 million gektar) va Xitoy (227,2 million gektar) egallagan.
Shuningdek, eng yirik o‘rmon maydoniga ega davlatlar qatoriga quyidagilar kiradi: Kongo Demokratik Respublikasi (139,2 million gektar), Avstraliya (133,6 million gektar), Indoneziya (96 million gektar), Hindiston (72,7 million gektar) va Peru (67,2 million gektar).
Ro‘yxatning keyingi pog‘onalarida Meksika (66,3 million gektar), Angola (63,3 million gektar), Kolumbiya (59,5 million gektar), Boliviya (54,4 million gektar) va Venesuela (47,1 million gektar) joylashgan.
Rossiyaning o‘rmon maydonining ulkanligi mamlakatning geografik joylashuvi bilan bog‘liq. Uning katta qismi Sibir bo‘ylab cho‘zilgan ulkan boreal, ya’ni tayga o‘rmonlaridan iborat.
FAO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi o‘rmonlarning umumiy maydoni 4 milliard gektardan oshadi va ular sayyora quruqlik maydonining 32 foizini qamrab oladi. Rossiya, Braziliya, Kanada, AQSh va Xitoyning o‘ziga dunyo o‘rmonlarining yarmidan ko‘pi to‘g‘ri keladi.

