Dunyo

Dunyoda asalarilar soni keskin kamaymoqda. Bu qanday xavflarni keltirib chiqaradi?

Dunyoda asalarilar sonining keskin kamayishi qanday xavflarni keltirib chiqaradi?

Tasavvur qiling: supermarketga kirdingiz, ammo rastalar bo‘m-bo‘sh. Olma, nok, tarvuz, qovun, qahva, bodom va boshqa ko‘plab mahsulotlar yo‘q. Chunki bir oy avval sayyoradagi barcha asalarilar yo‘qolib ketgan.

Bu antiutopik film syujetiga o‘xshasa-da, biolog va ekologlar bunday ehtimolni jiddiy muhokama qilmoqda. Sababi, dunyoda asalarilar soni xavotirli sur’atlarda kamayib bormoqda.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 35 foizi changlatuvchilarga bog‘liq. Dunyodagi meva va urug‘ beruvchi oziq-ovqat ekinlarining qariyb to‘rtdan uch qismi hech bo‘lmaganda qisman hasharotlar yordamida changlanadi.

Demak, agar asalarilar bugun birdan yo‘qolib qolsa, bir oy ichida do‘konlardagi mahsulotlarning qariyb yarmi kamayishi mumkin.

**Qaysi mahsulotlar yo‘qoladi?**

Olma, nok, olcha, rezavor mevalar, tarvuz, qovun, bodom, grechixa va kungaboqar kabi ekinlarning hosildorligi keskin kamayadi yoki ularni yetishtirish iqtisodiy jihatdan foydasiz bo‘lib qoladi. Asalarilar bo‘lmasa, nafaqat asal, balki ko‘plab meva, yong‘oq va rezavor mevalar ham kamayadi.

Sabzavotlar ham bundan mustasno emas. Pomidor, baqlajon, kivi va chernika kabi ayrim o‘simliklar “vibratsion changlanish” deb ataladigan jarayonga bog‘liq. Bunda hasharot gulga qo‘nib, ko‘krak mushaklarini tez qisqartiradi va tebranish hosil qiladi. Bu tebranish gul changdonlariga yetib boradi. Natijada chang donachalari hasharot tanasiga yopishadi va keyinchalik boshqa gulga ko‘chiriladi.

Issiqxonalarda hosildorlikni oshirish uchun allaqachon arilardan foydalaniladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, arilar yordamida changlatish pomidor hosilini o‘rtacha 25 foizga oshiradi, ayrim xo‘jaliklarda esa bu ko‘rsatkich 50 foizgacha yetadi.

**Faqat meva emas, go‘sht va sut ham kamayadi**

Bu bog‘liqlik bir qarashda sezilmasligi mumkin, ammo u bevosita mavjud. Asalarilar chorva uchun ozuqa bo‘ladigan beda va boshqa o‘simliklarni changlatadi. Ularning yo‘qolishi chorva uchun ozuqa bazasining qisqarishiga, natijada sut, go‘sht va tuxum ishlab chiqarishning kamayishiga olib kelishi mumkin.

**Nega asalarilar qirilib ketmoqda?**

Asalarilarning kamayishiga bitta sababni ko‘rsatib bo‘lmaydi. Bunga bir-birini kuchaytiradigan bir nechta omil sabab bo‘lmoqda:

* **Varroa kanasi** — qisqichbaqaga o‘xshash mikroskopik parazit. U turli viruslarni tarqatadi. Ularning eng xavflilaridan biri qanot deformatsiyasi virusidir. Bunday virusni yuqtirgan lichinkaning qanotlari to‘liq rivojlanmaydi va u ucha olmaydi.

* **Neonikotinoid pestitsidlar** — asalarini darhol o‘ldirmaydi, ammo ularning asab tizimiga zarar yetkazadi. Natijada asalari ranglarni ajrata olmay qoladi, fazoda yo‘nalishini yo‘qotadi va uyasiga qayta olmaydi.

* **Global isish** — iliq qish sabab bahor odatdagidan ertaroq keladi. Gullar yovvoyi asalarilar uyg‘onishidan oldin ochilib, so‘lib qolishi mumkin. Issiq va qurg‘oqchilik paytida esa o‘simliklar gullagan bo‘lsa-da, nektar ajratmaydi.

* **Elektromagnit ta’sir** — mobil aloqa tarmoqlarining elektromagnit nurlanishi ham asalarilarga ta’sir qilishi mumkinligi o‘rganilmoqda.

Asalarilarsiz bir oy — dunyoning oxiri emas. Insoniyat ochlikdan qirilib ketmaydi. Ammo ratsionimiz xilma-xilligini yo‘qotib, vitaminlarsiz va bir xildagi taomlarga aylanadi.

Bu muammo bizdan uzoqda va kelajakda sodir bo‘ladigandek tuyuladi. Aslida esa asalarilar hozirning o‘zida kamayib bormoqda. So‘nggi 20 yil ichida ularning populyatsiyasi qariyb uch baravar qisqargan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.