Iqtisodiyot

Dunyo matbuoti sharhi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Reuters, Bloomberg, The Economic Times va AQSh Mehnat statistikasi byurosi maʼlumotlari asosida jahon iqtisodiyotidagi soʻnggi oʻzgarishlarni tahlil qildi.

Dunyo matbuoti sharhi

BlackRock fond bozorining koʻtarilishi fonida aktivlarini oshirdi (

BlackRock investitsiya kompaniyasi III chorak yakunlariga koʻra boshqaruvdagi aktivlarini oʻtgan yilning mos davridagi $13,46 trlnga nisbatan 15% ga, $15,49 trlngacha oshirdi. Mijozlar mablagʻlarining sof oqimi $205 mlrd ni tashkil etdi, shundan $134,5 mlrd iShares birja fondlari hissasiga toʻgʻri keldi. Aktivlar oʻsishiga AQSh fond bozoridagi kotirovkalarning koʻtarilishi ham yordam berdi.

Kompaniyaning choraklik tushumi $7,8 mlrd ga yetdi va tahlilchilarning $7,5 mlrd lik prognozidan oshib ketdi. Bir aktsiya uchun toʻgʻri keladigan tuzatilgan foyda 38% ga oshib, $14,13 lik prognoz qilinganda $15,93 ni tashkil etdi.

Hisobot eʼlon qilingach, BlackRock aktsiyalari savdolar davomida 5% ga qimmatlashdi.

BlackRock rahbari Larri Finkning baholashicha, hisoblash quvvatlari qimmatli qogʻozlar chiqarish uchun asos boʻladigan yangi turdagi investitsiya aktivlariga aylanishi mumkin.

Soʻnggi 12 oy ichida BlackRock xususiy bozorlarga investitsiyalar uchun $68 mlrd, jumladan xususiy kreditlashga $25 mlrd jalb qildi.

Dizel yoqilgʻisi yetkazib berish cheklanganligicha qoladi (

Xalqaro energetika agentligi (XEA) baholashicha, jahon dizel yoqilgʻisi bozori 2027 yilning birinchi yarmigacha defitsit sharoitida qoladi. Yaqin Sharq va Rossiyadan yetkazib berishdagi uzilishlar asosiy sabab boʻldi. Sentyabr oyida ushbu mintaqalardan dizel yoqilgʻisi eksportining umumiy qisqarishi kuniga 1,3 mln barrelni yoki jahon talabining 4,5% ini tashkil etdi.

Yetkazib berishning kamayishi dunyo zaxiralarining qisqarishiga va narxlarning oshishiga olib keldi. Sentyabr oyida dizel yoqilgʻisining jahon narxlari bir barrel uchun $200 dan oshdi. Pasayishga qaramay, narxlar inqirozgacha boʻlgan darajadan ikki baravar yuqoriligicha qolmoqda. Dizel yoqilgʻisini qayta ishlash marjasi bir barrel uchun $95 ga yetdi. XEA baholashicha, yuqori narxlar transport va ishlab chiqarish xarajatlarini oshiradi, inflyatsiyani kuchaytiradi va iqtisodiy oʻsishni sekinlashtiradi.

XEA neft qayta ishlash zavodlarining qayta tiklanishi toʻplanib qolgan defitsitning oʻrnini qoplay olmaydi deb hisoblaydi. XEA mamlakatlari strategik rezervlardan 426 mln barrel neft ajratishni kelishib oldilar. Agentlik prognoziga koʻra, 2026 yilda jahon neft yetkazib berishi kuniga 5,8 mln barrelga qisqaradi, 2027 yilda esa kuniga 7,7 mln barrelga ortadi.

Xitoy quvvatlar ortiqchaligi sababli quyosh panellari ishlab chiqarishni qisqartirmoqda (

Economictimes

Reuters maʼlumotlariga koʻra, Xitoyning beshta eng yirik quyosh panellari ishlab chiqaruvchisi Longi, Trina Solar, Jinko Solar, JA Solar va Tongwei 2025 yilda xodimlar sonini 21% ga yoki 40,6 ming kishiga qisqartirdi (2024 yilda 31%).

Qisqartirishlarning asosiy sababi ishlab chiqarish quvvatlarining ortiqchaligi boʻlib, ular quyosh panellariga boʻlgan jahon talabidan ikki baravar yuqori.

Yuqori raqobat narxlarning tushishiga va ishlab chiqaruvchilarning zarar koʻrishiga olib keldi. Quyosh modullarining oʻrtacha narxi 2019 yildagi kVt uchun $350 dan 2025 yilda $130 gacha kamaydi, operatsion rentabellik esa minus 13% gacha tushdi.

2026 yilda vaziyat talabning pasayishi bilan yanada murakkablashdi. Jefferies prognoziga koʻra, Xitoyda yangi quyosh quvvatlarini foydalanishga topshirish 150–200 GVt ni tashkil etadi (2025 yilda 315 GVt). Shu bilan birga, Xitoy quyosh panellari eksporti yanvar–avgust oylarida 10% ga kamaydi.

AQShda inflyatsiya tezlashdi (

AQSh Mehnat statistikasi byurosi maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil sentyabr oyida yillik inflyatsiya avgustdagi 3,4% ga nisbatan 3,7% gacha oʻsib, 0,3 foiz bandga oshdi.

Oziq-ovqat va energiya resurslari narxlari hisobga olinmasdan hisoblanadigan bazaviy inflyatsiya 2,4% dan 2,6% gacha koʻtarildi. Isteʼmol narxlarining oylik oʻsishi avgustdagi 0,4% dan sentyabrda 0,6% gacha tezlashdi.

Inflyatsiyaning tezlashishiga energiya resurslarining qimmatlashishi asosiy hissa qoʻshdi. Bir oy ichida benzin narxi 9,1% ga, umuman energiya resurslari narxi esa 5,2% ga oshdi. Yillik hisobda oʻsish tegishlicha 34,2% va 20,4% ni tashkil etdi. Isteʼmol narxlari oylik oʻsishining yarmidan koʻpi benzin hissasiga toʻgʻri keldi.

Inflyatsiyaning tezlashishi AQSh Federal rezerv tizimining foiz stavkalari boʻyicha qarorlariga taʼsir qilishi mumkin. Yuqori stavkalarning saqlanib qolishi kompaniyalar va banklar uchun qarz olish qiymatini, jumladan uzoq muddatli investitsiya va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda oshiradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.