Mahalliy

Dunyo bizni kuzatib turganda….

Ko‘pchilik uni millionlab odamlar hayotini o‘zgartirgan shaxs sifatida kutib oldi va bu e’tirofga munosib. Ammo

Dunyo bizni kuzatib turgan pallada….

Yaqinda madaniyat va turizm sohasi vakillarining tashabbusi bilan yurtimizga dunyodagi eng ko‘p obunachiga ega blogerlardan biri — MrBeast nomi bilan tanilgan Jimmi Donaldson tashrif buyurdi. Maqsad O‘zbekistonning madaniyati, turizm salohiyati va boy tarixini millionlab xorijiy tomoshabinlarga namoyish etish edi. Bunday tashabbus mamlakatni dunyoga tanitishning zamonaviy usullaridan biri sifatida baholanishi mumkin.

Ammo ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasvirlar boshqa manzarani ham ochib berdi. Tartibsiz yig‘ilgan olomon, bir-birini turtib oldinga intilayotgan odamlar, sovg‘a yoki yutuq umidida o‘zini unutgan yoshlar. Asosiy savol esa shunday: dunyo bizni kuzatib turgan paytda biz o‘zimizni dunyoga qanday ko‘rsatdik?

Mehmondo‘stlik, andisha, hayo, boshqalar oldida o‘zini bosiq tutish kabi fazilatlar xalqimizga hech qachon begona bo‘lmagan. Shunday ekan, nega bir necha daqiqalik lavhalar aynan shu fazilatlarni soyada qoldirdi? Bu holatni shunchaki «ko‘ngilsiz holat» deb chetlab o‘tib bo‘lmaydi, uning ijtimoiy-psixologik ildizlarini chuqurroq tahlil qilish zarur.

Nega shuncha odam uni kutib oldi?

Dam olish kunlari ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanman, kontentlarning aksariyati aynan shu voqeaga bag‘ishlangani e’tiborimni tortdi va men bu bloger haqida internetdan ma’lumot qidirdim. Rostini aytsam, ungacha uni tanimas edim. Adolat yuzasidan aytish kerakki, u faqat ko‘ngilochar kontent muallifi emas. Uning o‘zi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tashabbusi bilan 23 million tup daraxt ekilgan, okean va daryolardan 15 ming tonnadan ortiq chiqindi tozalangan, Afrikada 500 ming kishi toza ichimlik suviga ega bo‘lgan, 10 milliondan ortiq muhtoj inson oziq-ovqat bilan ta’minlangan ekan.

Ko‘pchilik uni millionlab odamlar hayotini o‘zgartirgan shaxs sifatida kutib oldi va bu e’tirofga munosib. Ammo o‘zimizda hashar bilan yo‘l, ko‘prik, masjid va maktablar qurayotgan, yetim-yesirni bag‘riga olayotgan, bemorlar dardiga malham bo‘layotgan saxovatpeshalar ozmi? Xorijiy blogerning ezgu ishlarini bilamiz-u, o‘z mahallamizdagi saxovatpeshalarni tanimaymiz. Muammoning bir ildizi ana shunda.

Olomon qonuniyati yoxud shaxs qayerda yo‘qoladi?

Fransuz olimi Gyustav Lebon 1895-yilda nashr etilgan «Olomon psixologiyasi» asarida yakka holda madaniyatli, aql-idrokli bo‘lgan shaxs olomon ichiga tushgach, tanqidiy fikrlash qobiliyatini yo‘qotib, his-tuyg‘ularga beriluvchan, taqlidga moyil bo‘lib qolishini ko‘rsatgan va bu holatni insonning «sivilizatsiya zinapoyasidan bir necha pog‘ona pastga tushishi» deb ta’riflagan.

Ijtimoiy psixologiyada bu hodisa deindividuatsiya deb ataladi. L. Festinger va F. Zimbardo tadqiqotlari ko‘pchilik ichida inson o‘zini noma’lum, javobgarlikdan xoli his qilishi, ichki nazorati susayib, ijtimoiy me’yorlar ta’siri kamayishini ko‘rsatdi. «To‘da mentaliteti» (herd mentality) holatida esa «hamma shunday qilyapti» degan fikr vijdon va andisha ovozini bosib ketadi. Bu holatlar shu kabi vaziyatlardan ayon.

Gibrid olomon va virtual manqurtlik

Lebon davrida ommani yig‘ish uchun maydon va notiq kerak bo‘lsa, bugun bitta post yoki «birinchi kelganlarga sovg‘a» degan e’lon minglab odamni bir joyga to‘plashga yetarli. Shu tariqa ildizi virtual olamda, harakati esa real maydonda namoyon bo‘ladigan gibrid olomon shakllanmoqda.

Buning eng achchiq misolini 2025-yil sentyabrida Nepalda ko‘rdik. Ijtimoiy tarmoqlarni cheklash haqidagi qarordan keyin internetda boshlangan norozilik bir necha kunda ko‘chalarga ko‘chdi, parlament binosi yoqib yuborildi, yetmishdan ortiq odam halok bo‘ldi, hukumat iste’foga chiqdi, vaqtinchalik hukumat rahbari esa Discord platformasidagi ovoz berish orqali tanlandi. Demak, bugun ong va tafakkur haqiqiy jang maydoniga aylangan.

Adib Chingiz Aytmatov tasvirlagan manqurt xotirasidan mahrum qilingani uchun o‘z onasini taniy olmagan edi. Virtual manqurt esa mustaqil fikrlash qobiliyatidan mahrum bo‘ladi. U o‘zini erkin deb hisoblaydi, aslida esa algoritm va oqim ko‘rsatgan tomonga yuradi.

Katta pul va etika — «bir martalik imkoniyat» tuzog‘i

Bloger e’lon qilgan yuz million so‘mlik yutuq oddiy odam uchun hayot sharoitini tubdan o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan mablag‘. «Menga bir marta imkoniyat berildi» degan fikr bilan katta pulni ko‘rgan ong go‘yo axloq va madaniyatni «o‘chirib qo‘yadi». Inson boshqalarni turtish, navbatni buzish, o‘z qadrini yerga urish evaziga ham bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaslikka urinadi. Bloger auditoriyasining aksariyati yoshlar ekani hisobga olinsa, gap bir kunlik voqea haqida emas, balki yosh avlod ongida shakllanayotgan qadriyatlar haqida bormoqda. Mehnat va sabr bilan erishiladigan yutuq o‘rnini «tasodifiy omad» egallashi jamiyat uchun xavfli signaldir.

Kulrang targ‘ibotdan qora targ‘ibotgacha

Soha vakili sifatida targ‘ibot nazariyasida oq, kulrang va qora targ‘ibot farqlanishini bilamiz. Qora targ‘ibot yolg‘on yoki buzib ko‘rsatilgan tasvir orqali muayyan obro‘ga zarba beradi. Mamlakatni tanitishga qaratilgan loyihadagi tartibsizlik lavhalari kimningdir qo‘lida «O‘zbekiston yoshlari mana shunday» degan umumlashtiruvchi xulosa uchun tayyor materialga aylanishi mumkin. Farqi shundaki, bu safar uning «xom ashyosi»ni o‘zimiz tayyorlab berdik.

Holbuki, bir necha hafta avvalgina dunyo O‘zbekiston yoshlarini butunlay boshqa qiyofada ko‘rgan edi. Samarqanddagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida o‘zbek shaxmatchilari intellektual salohiyatimiz ifodasiga aylandi yoki yoshlar tomonidan erishilgan kechagi afsonaviy g‘alaba Inchxonda (Koreya Respublikasi) o‘tgan xalqaro robototexnika musobaqasida 190 ta davlat vakillari orasida yoshlarimiz 3 ta yo‘nalishda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Mana, dunyoga ko‘rsatishimiz kerak bo‘lgan O‘zbekiston!

«Zamona qahramonlarimiz qani?» Biz kimni namuna qilyapmiz?

Rim shoiri Yuvenal «Satiralar»ida bir paytlar hokimiyat va legionlarni o‘zi belgilagan xalq endi faqat non va tomoshani orzu qilishini achchiq kinoya bilan yozgan edi. Tomosha fikrlash o‘rnini egallagan jamiyatda kelajak ham, suverenitet ham xavf ostida qoladi.

Nega shaxmat olimpiadasi ishtirokchilari yoki yosh muhandislarimiz nomi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ngilochar blogerlar nomichalik tilga olinmaydi? Sababi biz ularni yetarlicha targ‘ib qilmayapmiz. O‘sib kelayotgan avlod uchun zamona qahramonlarini yaratib berish barcha sohalarda faoliyat olib boruvchi davlat tashkilotlari va idoralarining ma’naviy-ma’rifiy faoliyatidagi ustuvor vazifaga aylanishi kerak. Aks holda farzandlarimiz ongini ko‘ngilochar bloger va vaynerlar ixtiyoriga topshirib qo‘yamiz.

Bu borada boshqa davlatlar tajribasi ibratlidir. Germaniyada televideniye olim, muhandis, o‘qituvchi va shifokor mehnatini ulug‘laydi. AQShda Pentagon bir asr davomida 2500 dan ortiq film va teleko‘rsatuvga ko‘maklashib, «Amerika orzusi»ni Gollivud orqali dunyoga tarqatmoqda. Xitoy «Xitoy orzusi» konsepsiyasini Konfutsiy institutlari orqali targ‘ib qilmoqda. Janubiy Koreyada ijodiy kontent agentligi (KOCCA)ning 2025 yilgi budjeti 600 milliard vondan oshdi. E’tibor bering, «Koreys to‘lqini» (Hallyu) davlat siyosatining mahsulidir. Bu davlatlarning media mahsulotlarida o‘z millati vakillarini kamsitadigan g‘oyalar ilgari surilmaydi.

Bizda-chi? Shaxsiy kuzatuvlarimizga ko‘ra, ekranlarimizda «kelin-qaynona» mavzusidagi 140 dan ortiq kino, serial va telenovella namoyish etilmoqda. Oilaviy janjalni tomoshaga aylantirgan bu kontentlar o‘zbek oilasi, erkagi va ayoli haqida qanday tasavvur uyg‘otayotgani haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish vaqti keldi.

Bo‘sh vaqtga kim egalik qiladi?

Bugungi axborot kurashida eng qimmatli resurs — insonning diqqati va bo‘sh vaqti. Uni biz ma’noli mazmun bilan to‘ldirmasak, boshqalar o‘z mazmuni bilan to‘ldiradi. Ya’ni sport, kitob, ilm, hunar va ijod yoshlarni olomon tafakkuridan himoya qiladigan ma’naviy immunitet manbalaridir.

Shundan kelib chiqib, quyidagi vazifalarni belgilash mumkin: xorijiy mehmonlar ishtirokidagi ommaviy tadbirlarni oldindan puxta rejalashtirish, ishtirokchilar uchun aniq tartib-qoidalarni belgilash, xalqaro maydonda muvaffaqiyat qozongan yosh olimlar, sportchilar, muhandis va ixtirochilarni, shuningdek, yurtimizdagi saxovatpeshalarni «zamona qahramonlari» sifatida izchil targ‘ib qilish maqsadga muvofiq. Yoshlar orasida mediasavodxonlik va tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, o‘qituvchi, shifokor, muhandis, olim kabi kasblar nufuzini ko‘taradigan badiiy va hujjatli ko‘rsatuv, eshittirishlarni qo‘llab-quvvatlash lozim.

Shu o‘rinda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda oila, mahalla va ta’lim muassasalari hamkorligini mustahkamlash juda muhim.

So‘nggi so‘z o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, dunyo bizni faqat me’moriy obidalarimiz va dasturxonimiz bilan emas, o‘zimizni qanday tutishimiz orqali ham baholaydi. Bitta videolavha ming yillik madaniyatni inkor eta olmaydi albatta, ammo uni soyada qoldirishi mumkin. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 19-yanvardagi yig‘ilishda ta’kidlaganidek, «Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir». Davlatimiz rahbari mafkuraga ham aniq ta’rif bergan: «Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz». Olomon ichida yo‘qolib ketmaydigan, katta pul va’dasi oldida ham o‘z qadrini unutmaydigan avlodni ana shu fikr tarbiyasi shakllantiradi. Bugun olomonga aylanayotgan yoshlar ertaga keyingi avlodga na tajriba, na ma’naviy tayanch bera oladigan keksalarga aylanadi. Buning oldini olish esa har birimizning oilamizdan boshlanadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.