Dubayda O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi ish boshladi

Dubayda O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
26-avgust kuni Dubay mahalliy savdo palatasi (Dubai Chambers) ko‘magida O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashining birinchi umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha O‘zbekiston elchixonasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakolatxonasi hamda o‘zbekistonlik tadbirkorlar hamjamiyatining tashabbusi bilan amalga oshirildi. Yig‘ilishda Aksum Group kompaniyasi asoschisi Ulug‘bekxon Maksumov kengash raisi etib saylandi.
Tashkilotning asosiy maqsadi ikki davlat biznes vakillari o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek kompaniyalarining BAA bozoridagi ishtirokini kengaytirish hamda istiqbolli loyihalarga amirlik investorlarini jalb etishdan iborat.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra:
* Hozirda O‘zbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 450 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda.
* So‘nggi uch yilda amirlik investitsiyalari hajmi 3 milliard dollarni tashkil etgan.
* 2025-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollarga yetgan.
Shuningdek, Dubai Chambers ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil oxirida palata tarkibida 826 ta faol o‘zbekistonlik kompaniya ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu bir yil avvalgiga nisbatan 21,3 foizga ko‘pdir. Joriy yilning birinchi yarmida palata safiga yana 75 ta kompaniya qo‘shilgan.
Avvalroq Singapur ishbilarmonlari O‘zbekistondagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirishi haqida xabar berilgan edi. Strategik va innovatsion sheriklik boʻyicha oʻrta muddatli qoʻshma dastur ishlab chiqilib, unda savdo, investitsiyalar, texnologiyalar transferi va davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilishga kelishib olingan.

