Dubayda dam olish qanchaga tushadi
Soʻnggi bir necha yil ichida Vera Dubayga sakkiz marta tashrif buyurdi va bu vaqt ichida shaharni juda yaxshi oʻrganishga ulgurdi. U tumanlar va mehmonxonalarni oʻzgartirdi, turli transport turlaridan foydalandi, turli koʻngilochar mashgʻulotlarni sinab koʻrdi va xarajatlarni taqqosladi. Ushbu materialda u oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashadi va sayohatni rejalashtirishda nimalar uchun pul ajratish lozimligi haqida gapirib beradi.

Dubayda dam olish qanchaga tushadi
Toshkentdan Dubayga aviachiptalar narxi safar sanasi va aviakompaniyaga bogʻliq. Masalan, 28 sentyabr — 4 oktyabr kunlari uchun eng arzon borish-qaytish chiptasi taxminan 3,6 mln soʻmga tushadi. Toʻgʻridan-toʻgʻri reysni 3,66 mln soʻmdan boshlab topish mumkin, Uzbekistan Airways chiptasi esa ushbu sanalar uchun taxminan 4,38 mln soʻm turadi.
Veraning safarlari vaqtida bir tomonga parvoz narxi taxminan 1,5 mln soʻmdan boshlangan, biroq mavsum avjida chiptalar, qoida tariqasida, qimmatroq turadi.
Oʻzbekiston fuqarolari uchun Dubayga borish uchun viza talab etilmaydi, BAAda vizasiz 30 kungacha qolish mumkin.
Agar siz mustaqil ravishda ketayotgan boʻlsangiz, sayyohlik sugʻurtasini oldindan rasmiylashtirgan maʼqul. 7–10 kunlik polis odatda sugʻurta kompaniyasi va qoplama summasiga qarab 70 dan 200 ming soʻmgacha turadi. Tur sotib olayotganda, sugʻurta, qoida tariqasida, allaqachon narxga kiritilgan boʻladi.
Mening fikrimcha, sayohat uchun eng yaxshi vaqt — aprel va sentyabr oylari: kuchli issiq boʻlmaydi, dengiz esa issiqligicha qoladi, shuning uchun shaharda sayr qilish ham, sohilda dam olish ham qulay.
Qishda ham Dubayda dam olish yoqimli, biroq suv salqin tuyulishi mumkin.
Pulni tejash uchun yoz faslini tanlash mumkin. Yuqori harorat va namlik tufayli sayyohlar kamroq boʻladi, shuning uchun mehmonxonalar arzonroq. Shu bilan birga, mavsumiy koʻngilochar maskanlarning bir qismi, masalan, Global Village va Dubai Miracle Garden yozda ishlamaydi, baʼzan esa qum boʻronlari kuzatiladi.

