Dual ta’limda o‘qiyotgan ayrim talabalarga ijtimoiy stipendiya to‘lanadi
Talabaning dual ta’lim shaklida tahsil olgan davri umumiy mehnat stajini hisoblashda inobatga olinadi

Dual ta’limda tahsil olayotgan ayrim talabalarga ijtimoiy stipendiya beriladi
“Oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida ish beruvchi korxonalar buyurtmasi asosida, bitiruvchilarni ishga qabul qilish sharti bilan dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Dual ta’lim OTM, korxona va talaba o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida tashkil etiladi. Bunda korxona talabaga o‘qish davrida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘laydi. Talaba esa o‘qishni tugatgach, kamida ikki yil mazkur korxonada ishlab berishi shart bo‘ladi.
Farmonga ko‘ra, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan va dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga ijtimoiy stipendiya to‘lanadi.
Shuningdek, muhandislik ishi, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish, qishloq xo‘jaligi ta’lim sohalarida dual ta’limda o‘qiyotgan talabalarga 2-kursdan boshlab davlat granti kvotalari doirasida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Talabaning dual ta’lim shaklida tahsil olgan davri umumiy mehnat stajini hisoblashda inobatga olinadi.
2027 yil 1 yanvardan dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash istagini bildirgan korxonalar uchun talabalarga biriktiriladigan murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etiladi.
2027/2028 o‘quv yili yakunidan boshlab dual ta’lim bo‘yicha OTM va buyurtmachi korxonalarning samaradorlik reytingi yuritiladi. Reytingda eng yuqori natija ko‘rsatgan uchtadan OTM va korxona egallagan o‘rniga mos ravishda 1, 2 va 3 milliard so‘mdan rag‘batlantiriladi.

