Diyora Keldiyorova ikki yillik tanaffusdan so‘ng Aqtaudagi musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritdi
Diyora Keldiyorova ikki yillik tanaffusdan so‘ng tatamiga qaytdi va Aqtaudagi xalqaro turnirda oltin medalni qo‘lga kiritdi. -52 kg vazn toifasida ishtirok etgan Olimpiada chempioni finalda ozarbayjonlik raqibini muddatidan ilgari mag‘lub etdi. 'Dzyudoni yaxshi ko‘raman, dzyudo bilan yashayman', — dedi u.

Diyora Keldiyorova ikki yillik tanaffusdan keyin Aqtaudagi musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritdi
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Diyora Keldiyorova Qozog‘istonning Aqtau shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro turnirda oltin medalga sazovor bo‘ldi, deya xabar bermoqda.
-52 kg vazn toifasida sportchi barcha raqiblarini ishonchli tarzda yengib, finalgacha yetib bordi.
Oltin medal uchun kechgan hal qiluvchi bellashuvda u ozarbayjonlik sportchi Farida Mirzayeva ustidan muddatidan oldin g‘alaba qozondi.
Bu g‘alaba Keldiyorovaga jahon reytingi uchun 100 ochko olib keldi.
“Rostini aytsam, Parijdagidek avvalgi sport formamga to‘liq qaytdim deya olmayman. U yerda boshqacha edim, hozirgi o‘zimni o‘sha paytdagi Diyora bilan solishtira olmayman. Hozir boshqacha, yangi Diyoraman — onaman. Ikki yil davomida dzyudodan uzoqlashmadim, musobaqa muhitidan sal yiroqda bo‘ldim. Ammo o‘zimni yaxshi his qilyapman. Men o‘z dzyudomdan zavq olishni xohlayman. Dzyudoni yaxshi ko‘raman, dzyudo bilan yashayman va bundan qanchalik zavq olayotganim men uchun muhim”, — dedi u musobaqadan so‘ng bergan intervyusida.
Jurnalistning bu yerga qizi bilan kelgani haqidagi savoliga Diyora Keldiyorova musobaqaga oilasi bilan tashrif buyurganini aytdi. Qizi onasining chempion ekanini tushunish-tushunmasligi so‘ralganda, sportchi shunday javob berdi:
“Yo‘q, unga eng muhimi — yonida bo‘lishim, bag‘rimga bosishim. Unga faqat ona sifatida kerakman. Qanday sportchi ekanimni tushunmaydi. Vaqti kelganida tushunib yetsa kerak”.
18-oktabrga qadar davom etadigan ushbu turnirda O‘zbekiston terma jamoasining yana 24 nafar vakili medallar uchun kurashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Diyora Kelidyorova 2024-yilgi Parij Olimpiadasida O‘zbekiston tarixida dzyudo bo‘yicha ilk Olimpiya oltinini qo‘lga kiritgan edi.
Shundan so‘ng sportchi farzandli bo‘lgani sababli musobaqalarda tanaffus qilgan va shu vaqt ichida qator turnirlarni, xususan, 2026-yilgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazib yuborgan. Endi Kelidyorova oktabr oxirida Abu Dabida o‘tadigan xalqaro turnirda ham ishtirok etadi.

