«Diplomning oʻzi yetarlimi?»: bitiruvchining mehnat bozoridagi natijasi qanday baholanmoqda?
Oliy taʼlim sifatini baholashda bitiruvchining diplom olgani bilan jarayon yakunlanmaydi. Uning ishga joylashishi, daromadi, bandligining barqarorligi va taʼlimni davom ettirishi ham muhim koʻrsatkich. Oʻzbekistonda bu natijalarni baholash uchun «Bitiruvchi sifati indeksi» joriy etildi. Kun.uz taʼlim sohasi vakillari bilan indeks va bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi haqida suhbatlashdi.

«Diplomning oʻzi yetarlimi?»: bitiruvchining mehnat bozoridagi natijasi qanday baholanmoqda?
Joriy yilda oliy taʼlimga kirish uchun 600 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirdi. Ularning qariyb uchdan bir qismi talaba boʻlishga muvaffaq boʻldi. Biroq universitetni bitirgan yoshning keyingi yoʻli — qachon ish topgani, qancha daromad olayotgani, keyin qancha muddat ishlagani yoki oʻqishni davom ettirgani ham taʼlim natijasining bir qismi sifatida baholanmoqda. Shu bois bu jarayonni raqamlar asosida oʻlchash uchun «Bitiruvchi sifati indeksi» joriy etildi.
Universitetlar soni va talabalar sonining keskin ortishi abituriyentlar oldidagi tanlov masalasini ham keskinlashtirdi. Qaysi OTMni tanlash kerakligi, u yerda oʻqigan bitiruvchining keyingi natijasi qanday boʻlishi haqida xolis maʼlumotga ehtiyoj tugʻildi. Milliy taʼlim sifatini taʼminlash agentligi direktori Baxtiyor Yoʻldoshevning aytishicha, indeksning asosiy maqsadlaridan biri aynan talaba va ota-onalarga universitet tanlashda inson omilidan xoli maʼlumot berishdir.
“Universitetlar juda koʻp. Demak, taklif koʻpayganda talabalarimiz yoki ularning ota-onalari: ‘Endi men qaysi universitetni tanlashim kerak? Qaysi oliy taʼlim dargohini tanlashim kerakki, men yoki farzandim ertaga bitirgandan keyin muvaffaqiyat qila olaman?’ degan savolni qoʻya boshladi. Shunda biz koʻrdikki, xolis, hech qanday inson omili aralashmagan, obyektiv maʼlumot beruvchi platformaga ehtiyoj paydo boʻldi.
» eng birinchi navbatda talabalarimiz va ularning ota-onalari uchun xolis maʼlumot beradi. Yaʼni qaysi universitetning asosiy talabalari muvaffaqiyatliroq, qaysi universitetda oʻrtacha darajada, qaysi universitetda nisbatan pastroq - shuni koʻrsatadigan xolis maʼlumot beruvchi platforma hisoblanadi.
» ning respublika miqyosidagi balli 50 dan oshgan boʻlsa, keyingi yil qanday oʻzgaradi - oshadimi, kamayadimi? Oliy oʻquv yurtlari miqyosida ham xuddi shunday. Masalan, men oliygoh rahbari, rektori boʻlsam, bu yil nima ishlar qildikki, oliygohimizning keyingi yilgi indeksi oshdi, degan savolga javob olishim mumkin. Bu ham bir yillik faoliyatimizni xolis baholab beruvchi instrumentga aylanadi”, - deydi agentlik direktori.
Diplomdan keyingi birinchi qadam: bitiruvchi ishni qancha vaqtda topyapti?
Indeksning asosiy koʻrsatkichlaridan biri — bitiruvchining ishga joylashish tezligi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ayrim oliy taʼlim muassasalarida bu muddat oʻrtacha 2–4 oy atrofida ekani qayd etilgan. Bunda faqat ishga kirishning oʻzi emas, bandlik barqarorligi ham hisobga olinadi. Yaʼni bitiruvchining biror joyda qisqa muddat ishlagani emas, kuzatuv davrida muntazam mehnat faoliyatini davom ettirgani ham baholanadi.
Biroq bu yerda muhim savol bor: bitiruvchining ishga joylashgani uning oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishlayotganini ham anglatadimi?
«Hozirgi indeksda bitiruvchining aynan oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishlayotganini koʻrsatish imkoniyati cheklangan. Chunki kasb va mutaxassislikni raqamli bazalarda toʻliq bogʻlash qiyin. Shu sababli kelgusida bitiruvchilar oʻrtasida soʻrov oʻtkazish masalasini ham koʻrib chiqyapmiz», - deydi Baxtiyor Yoʻldoshev.
Demak, indeks bitiruvchining mehnat bozoridagi holati haqida maʼlumot beradi, ammo hozircha «ishga joylashdi» va «oʻz sohasida ishlayapti» degan ikki tushunchani bir xil deb boʻlmaydi.
Universitetda oʻqitilayotgan bilim mehnat bozoriga mosmi?
Bitiruvchining ish topishi bilan bogʻliq yana bir masala — universitetda berilayotgan bilim va ish beruvchining talabi oʻrtasidagi moslik. Taʼlim sohasi vakillarining aytishicha, bugungi kunda ish beruvchilar xorijiy til, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt va tadbirkorlik koʻnikmalariga koʻproq eʼtibor qaratmoqda.
Oliy taʼlim tashkilotlari boʻlimi boshligʻi Abdusamad Mamanazarovning aytishicha, taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha malaka talablari ish beruvchilarning ehtiyojlari asosida shakllantirilmoqda.
“Bugungi kunda har bir taʼlim yoʻnalishi, har bir mutaxassislik boʻyicha malaka talablari ish beruvchilarning talablari asosida shakllantirilmoqda. Ish beruvchilar birinchi navbatda xorijiy tilni, ITʼni, ayniqsa sunʼiy intellekt bilan ishlash koʻnikmasini talab qilmoqda. 2024-yilda birinchi kurs dasturlari dunyoning top-300 universitetlari dasturlari asosida yangilandi. 2025-yilda ikkinchi va uchinchi kurslar boʻyicha ham shu ishlar davom ettirildi. Joriy yilda esa 57 ta yangi taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha malaka talablari ish beruvchilar takliflari asosida shakllantirildi, 70 ga yaqin mavjud dastur qayta koʻrib chiqildi. IT yoʻnalishlarida ham sunʼiy intellektga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yildan boshlab IT fanlari modullarining 50 foizi sunʼiy intellekt bilan bogʻliq mazmun asosida shakllantirilmoqda”, - deydi u.
Talabalarni mehnat bozoriga olib chiqishda Career.edu platformasi ham qoʻllanmoqda. Unda talaba oʻz rezyumesini shakllantiradi, taʼlimi, GPA koʻrsatkichi va sertifikatlari haqidagi maʼlumotlarni tizimga kiritishi mumkin.
Raqamli taʼlim texnologiyalarini rivojlantirish markazi direktori Alisher Abdullayevning aytishicha, platformada sunʼiy intellekt yordamida ish suhbatiga tayyorgarlik koʻrish, talabaning qiziqishi va rezyumesiga mos vakansiyalarni topish imkoniyatlari mavjud.
“Hozirda platformada 400 mingdan ortiq talaba rezyumesi shakllantirilgani aytilmoqda. Shuningdek, qariyb 10 ming talaba frilans xizmatlarini taklif qilmoqda. Ish beruvchilar esa nomzodlarni hudud, mutaxassislik, til sertifikati va tajriba kabi mezonlar asosida izlashlari mumkin. Masalan, maʼlum bir hududda matematika yoʻnalishini tamomlayotgan va B2 darajadagi til sertifikatiga ega talabalarni qidirish mumkin.
«Ish beruvchi oʻziga kerakli talabani oddiy qidiruv bilan emas, maʼlum mezonlar asosida topishi mumkin. Masalan, Fargʻonada matematika yoʻnalishini tugatayotgan, B2 sertifikatiga ega talabalarni topish boʻyicha soʻrov beriladi va tizim mos nomzodlarni chiqarib beradi», - deydi markaz direktori.

