Sport

Devid Bekhem 100 mln yevroga Fransiya klubini sotib olishi mumkin

Devid Bekhem 100 million yevroga Fransiyaning "Nant" klubini sotib olishi mumkin.

Angliya terma jamoasi va "Manchester Yunayted"ning sobiq yulduzi, hozirda AQSHning "Inter Mayami" jamoasi egalaridan biri Devid Bekhem Fransiyaning "Nant" futbol klubini xarid qilishi ehtimoli bor.

Ouest-France nashrining xabar berishicha, o‘z tarixida sakkiz marta Fransiya chempioni bo‘lgan "Nant" hozirda og‘ir davrni boshdan kechirmoqda. Jamoa yuqori divizion (Liga 1)dan tushib ketgan va ikkinchi divizionda ham ketma-ket uchta o‘yinda mag‘lubiyatga uchrab, turnir jadvalining eng oxirgi pog‘onasida bormoqda. Bunday muvaffaqiyatsiz startdan so‘ng bosh murabbiy Mishel Der Zakaryan lavozimidan ozod etilgan.

"Nant" 2007-yildan beri polshalik tadbirkor Valdemar Kitaga tegishli. Hozirda 73 yoshli xo‘jayin jamoani sotishni rejalashtirgan. Uning boshqaruvi davrida klub ikki marta (2009 va 2026-yillarda) quyi ligaga tushib ketgan. Bundan tashqari, jamoa muxlislari Valdemar Kita va uning o‘g‘li (klub rahbari) Frenkning faoliyatidan mutlaqo norozi. Buning sababi oddiy: jamoani boshqargan 19 yil davomida ular 24 ta bosh murabbiyni almashtirishga ulgurgan.

Ma’lum bo‘lishicha, "Nant"ni sotib olish bo‘yicha hozircha kamida uchta taklif kelib tushgan. Ularning ikkitasi Britaniya kompaniyalariga tegishli. Yuqori darajadagi muzokaralarda Devid Bekhemning nomi tez-tez tilga olinmoqda. Garchi sobiq futbolchining bu jarayonda aynan qanday rolda ishtirok etayotgani to‘liq aniq bo‘lmasa-da, uning huquqshunosi ikki yil oldin jamoani sotib olishni istagan mahalliy muxlislar va ishbilarmonlar guruhi bilan uchrashgani aytilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.