Dunyo

Deputatlar uyiga kim kiryapti? Finlandiyada sirli voqealar

Finlandiyada bir necha deputat oʻzi yoʻqligida uyiga nomaʼlum shaxslar kirgan boʻlishi mumkinligini maʼlum qildi. Uylarda eshikni buzib kirish alomatlari topilmagan, hech narsa oʻgʻirlanmagan, biroq eshiklar ochiq yoki chiroqlar yoniq qoldirilgan. Politsiya tergov boshladi.

Deputatlar uyiga kim kiryapti? Finlandiyada sirli voqealar

DW nashri Finlandiyadagi Yle axborot xizmatiga tayanib xabar berishicha, bu holatlarning barchasi 2026-yil davomida qayd etilgan.

Deputatlarning aytishicha, ular uyda bo‘lmagan paytda xususiy uy va kvartiralariga kimdir kirganini ko‘rsatadigan alomatlarni sezishgan. Jumladan, ayrim xonadonlarda kirish eshiklari ochiq qolgan yoki chiroqlar yoqilgan bo‘lgan.

Shu bilan birga, qulf yoki eshik buzib ochilgani haqida hech qanday iz topilmagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uylardan hech narsa o‘g‘irlanmagan, buyumlarga ham zarar yetkazilmagan.

Bunday holatga duch kelgan deputatlarning aniq soni oshkor etilmagan. Yle ma’lumotiga ko‘ra, ular 20 nafardan kam.

Hozircha ehtimoliy kirishlar ortida kim turgani va buning maqsadi nima ekani noma’lum.

Finlandiya parlamenti spikeri Yussi Xalla-axo uylarda qoldirilgan belgilar ataylab tashlab ketilgan bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmadi.

«Ehtimol, bu taxmin qilinayotgan kirish holatlarida muayyan umumiy belgilar takrorlanayotgandir», - degan u 1-oktabrdagi matbuot anjumanida.

Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo voqealarda xorijiy kuchlar aloqador bo‘lishi mumkinligini aytgan. Biroq hozircha bunday ishtirokni tasdiqlovchi ma’lumot taqdim etilmagan.

«Agar kimdir Finlandiyadagi barqarorlikni izdan chiqarishga, xavfsizlik hissimizni yoki, masalan, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimizni susaytirishga urinsa, bu teskari natija beradi», - degan Orpo.

U Moskva avval ham Yevropadagi saylovlarga aralashishga uringanini eslatgan. Finlandiyada navbatdagi parlament saylovlari 2027-yil aprel oyida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Helsinki politsiyasi deputatlarning xususiy turar joylariga kirish holatlari bo‘yicha dastlabki tergov boshlanganini tasdiqlagan. Tergov Milliy tergov byurosi ko‘magida olib borilmoqda. Hozircha qo‘shimcha tafsilotlar oshkor etilmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.