Mahalliy

“Demokratiyaga raxna soluvchi amaldorlarning aksariyati Konstitutsiya bo‘yicha yetarli bilimga ega emas” — Bobur Bekmurodov

“Demokratiyaga raxna soluvchi amaldorlarning aksariyati Konstitutsiya bo‘yicha yetarli bilimga ega emas” — Bobur Bekmurodov

O‘zbekistonda davlat xizmatchilari Konstitutsiya bo‘yicha imtihondan o‘tkazilishi kerak.

Joriy yil 21-avgust kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston 2030” strategiyasining yarim yillik ijrosi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunidagi suhbatda Bobur Bekmurodov mamlakatda Konstitutsiya qanchalik ishlayotgani haqidagi savolga javob berdi. Deputatning fikricha, so‘nggi yillarda respublikada erkinlik ruhi va fuqarolik hududi kengaygan. Ommaviy axborot vositalari sonining ikki barobarga oshgani bunga misol bo‘la oladi. Biroq bosh qomusni bilmaydigan amaldorlar ham bor va ular demokratiyaga raxna solmoqda.

Ko‘plab mustaqil ommaviy axborot vositalari tashkil etilgani, erkin fikr va so‘z paydo bo‘lganini aytish kerak. Shu bilan birga, tahlil qilinsa, demokratiyaga raxna solayotgan amaldorlarning aksariyati Konstitutsiya bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega emas. Shuning uchun biz doim “Yuksalish” harakatida davlat xizmatchilari, avvalo, davlat xizmatiga kirishidan oldin Konstitutsiya bo‘yicha attestatsiyadan, imtihondan o‘tkazilishi kerak, deb aytib kelamiz. Chunki yaqinda obodonlashtirish bo‘yicha muhokamalar bo‘ldi. Ularning negizida nima turibdi? Konstitutsiyani, mulk daxlsizligi va inson huquqlarining elementar qoidalarini bilmaslik oqibatida mana shunday keyslar yuz beryapti, dedi parlament vakili.

Bobur Bekmurodov Konstitutsiyani bilmaslik va unga amal qilish bilan bog‘liq muammolar huquq-tartibot organlarida ham ko‘p uchrashini taʼkidladi.

“Huquq-tartibot organlari inson huquqlari chegaralarini hech bo‘lmaganda Konstitutsiyada belgilangan darajada albatta bilishi kerak. Mana shu jarayonlarda tahlil qilib aytadigan bo‘lsak, muammo ko‘proq o‘quvsizlik, yaʼni konstitutsion bilimlarning yetishmasligi natijasida ro‘y beryapti”, dedi deputat.

Bobur Bekmurodov mamlakatda demokratik jarayonlar tizimli ravishda davom etayotganini taʼkidladi. Bu borada parlamentning roli ortib borayotganiga urg‘u berdi. Jamoat tashkilotlarining qonun va qarorlarni qabul qilishdagi ishtiroki oshayotganini aytib o‘tdi.

“Ommaviy axborot vositalarining erkin fikr va erkin tanqid bilan mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi bilan ko‘rishimiz mumkinki, demokratik islohotlar tizimli ravishda olib borilyapti”, deydi “Yuksalish” harakati rahbari.

Deputat fikricha, Konstitutsiya ijrosi bilan bog‘liq jarayonga qancha baho qo‘yilsa ham kam bo‘laveradi. Yaʼni aniq bir baho aytish noto‘g‘ri.

“Biz zo‘r bo‘lib ketyapmiz, hamma qonunlarimiz ishlayapti deb eyforiyaga ham berilishimiz kerak emas. Shu bilan birgalikda amalga oshgan va bosib o‘tgan yo‘limizni ham unutishimiz kerak emas deb hisoblayman”, dedi u.

Bobur Bekmurodov hokimlar, vazirlik va boshqa tuzilmalar masʼullaridan Konstitutsiyani qanchalik bilishi bo‘yicha so‘rov o‘tkazish mumkinligini aytdi.

“Bu yaxshi fikr, yaxshi g‘oya. Albatta, buni o‘tkazsak bo‘ladi. Mansabdorlardan, ayniqsa joylardagi mansabdorlardan anonim ko‘rinishda konstitutsion bilimlarni bir tekshirib, o‘rganib ko‘rsak bo‘ladi”, dedi deputat.

Maʼlumot uchun, 2023-yil 1-maydan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi kuchga kirdi. Bosh qomus referendum asosida 65 foizga yangilangan. Ungacha 1992-yildan buyon Konstitutsiyaga jami 15 marta o‘zgartish kiritilgan edi. Yangilanish natijasida bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar esa 275 tadan 434 taga oshgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.