Mahalliy

Davlat tibbiy sug‘urtasi: elektron retsept, yo‘llanma va bepul xizmatlar qanday ishlaydi?

Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savollarga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Mohira Ergashovadan javob oldik

**Davlat tibbiy sug‘urtasi: elektron retsept, yo‘llanma va bepul xizmatlar qanday ishlaydi?**

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 5-sentyabrdagi PQ-311-sonli qarori bilan respublika hududlarida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish belgilandi. Ushbu qarorga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat budjetiga to‘lanadigan soliqlar hisobidan ta’minlanadi. Aholidan davlat tibbiy sug‘urtasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi qanday ishlaydi? Qaysi tibbiy xizmatlar bepul bo‘ladi? Shifokorga murojaat qilish tartibi o‘zgaradimi? Elektron yo‘llanma va elektron retsept qanday ishlaydi? Kimlar bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqiga ega? Ushbu savollarga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Mohira Ergashova javob berdi.

**Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimining maqsadi**

Mohira Ergashovaning ta’kidlashicha, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi shunchaki yangi hujjat yoki tartib emas, balki aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va ularning sifatli, kafolatlangan tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan muhim islohotdir. Oddiy qilib aytganda, bu aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordamni ko‘rsatish va uni moliyalashtirish mexanizmi bo‘lib, kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdim etiladi.

Tizimning asosiy maqsadi – aholining barcha qatlamlarini sifatli va malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiy yordam olishda insonlarning moliyaviy yukini kamaytirish va tibbiy xizmatlarni davlat tomonidan kafolatlangan tizim asosida tashkil etishdir.

**Tizim qanday moliyalashtiriladi?**

Qarorda aholidan qo‘shimcha sug‘urta puli undirilmasligi belgilangan. Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat budjetiga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali yo‘naltiriladi. Jamg‘arma tibbiyot tashkilotlari bilan shartnomalar tuzib, kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni xarid qilishni tashkil etadi. Ya’ni, Jamg‘arma tibbiy xizmatlarni xarid qiluvchi yagona tashkilot sifatida faoliyat yuritadi va tibbiyot tashkilotlarining faoliyati Jamg‘arma bilan tuziladigan shartnoma asosida moliyalashtiriladi.

**Davlat tibbiy sug‘urtasi to‘liq joriy etilganda aholi hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?**

Aholi davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlardan belgilangan tartib asosida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun fuqarolar o‘z hududidagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilishi, belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak.

Agar bemorga tor soha mutaxassisi ko‘rigi yoki shifoxonada davolanish zarur bo‘lsa, oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq elektron yo‘llanma beradi. Bemor ana shu yo‘llanma asosida tor soha shifokori ko‘rigidan o‘tadi yoki shifoxonaga yotqiziladi. Shu tartibga rioya qilingan taqdirda, kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish mumkin bo‘ladi. Shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatishda esa ushbu tartib qo‘llanilmaydi.

**"Kafolatlangan paket" tushunchasi va unga kiruvchi xizmatlar**

Kafolatlangan paket – bu davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmidir. Ushbu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdim etiladi.

Kafolatlangan paket doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, shifokor qabuli, zarur laboratoriya va diagnostika tekshiruvlari, profilaktik ko‘riklar va skrining tadbirlari, emlash, patronaj xizmatlari hamda belgilangan tartibda dori vositalari bilan ta’minlash kabi tibbiy xizmatlar nazarda tutilgan.

**Shifokor qabuliga borish tartibi**

Fuqaro, avvalo, o‘z hududidagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilishi kerak. Oilaviy shifokor bemorning holatini baholaydi. Agar bemorga tor soha mutaxassisi ko‘rigi yoki shifoxonada davolanish zarur bo‘lsa, belgilangan tartibda elektron yo‘llanma rasmiylashtiradi. Shundan so‘ng bemor elektron yo‘llanma asosida tegishli tor soha mutaxassisiga yoki shifoxonaga murojaat qiladi. Bu tizim bemorni to‘g‘ri mutaxassisga yo‘naltirish va tibbiy yordamni bosqichma-bosqich tashkil etishga xizmat qiladi.

**Elektron yo‘llanma tizimi va uning afzalliklari**

Elektron yo‘llanma oilaviy shifokor tomonidan tor soha shifokoriga murojaat qilish yoki zarur hollarda shifoxonaga yotqizish uchun rasmiylashtiriladi. Bunda bemorning tibbiy ma’lumotlari elektron axborot tizimida aks etadi. Bu bemorning qog‘oz hujjatlarni bir muassasadan boshqasiga olib borishi, bir xil ma’lumotlarni qayta-qayta taqdim etishi kabi ovoragarchiliklarni kamaytiradi. Oilaviy shifokor bemorni ko‘rikdan o‘tkazib, davolash va tashxislash standartlariga muvofiq zarur yo‘nalishni belgilaydi. Agar tor soha mutaxassisi yoki shifoxona yordami zarur bo‘lsa, elektron yo‘llanma rasmiylashtiriladi.

**Barcha xizmatlar bepul bo‘ladimi? Dori vositalari qanday tartibda bepul olinadi?**

Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etilgani bilan barcha tibbiy xizmatlar va barcha dori vositalari avtomatik ravishda bepul bo‘lib qolmaydi. Bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari kafolatlangan paket doirasida belgilanadi. Jumladan, shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida kafolatlangan paket doirasidagi dori vositalari bemorlarga dorixonalar tomonidan bepul beriladi. Dorixonalarning tegishli xarajatlari esa Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bu reimbursatsiya dasturi asosida amalga oshiriladi. Bunda reimbursatsiya dasturi asosida beriladigan dori vositalari ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

**Aholi va oilaviy shifokor o‘rtasidagi bitim**

Qarorda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatuvchi tashkilot va unga biriktirilgan aholi o‘rtasida bitim tuzilishi nazarda tutilgan. Voyaga yetmaganlar uchun bitim ularning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari bilan tuziladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb e’tirof etilgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham ushbu tartib doirasiga kiritilgan.

Bitimda har ikki tomonning majburiyatlari belgilanadi. Jumladan, aholi zimmasiga sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, zararli odatlardan voz kechish, tibbiy savodxonligini oshirish, shifokor ko‘rsatmalariga amal qilish, profilaktik va skrining ko‘riklardan belgilangan muddatlarda o‘tish kabi majburiyatlar yuklatiladi. Oilaviy shifokor zimmasiga esa aholini belgilangan tartibda qabul qilish va maslahat berish, zarur hollarda yo‘llanma rasmiylashtirish, tibbiy xizmatlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq hajmda ko‘rsatish, dori vositalarini to‘g‘ri tayinlash kabi majburiyatlar yuklatiladi.

**"Elektron sog‘liqni saqlash" tizimi va uning qulayliklari**

"Elektron sog‘liqni saqlash" tizimi tibbiyot sohasidagi ma’lumotlarni raqamlashtirish, tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida axborot almashinuvini ta’minlash va bemor uchun tibbiy xizmatdan foydalanish jarayonini yanada qulaylashtirishga xizmat qiladi. Ushbu tizim orqali bemorning tibbiy ma’lumotlari elektron shaklda yuritiladi. Shifokorga yozilish, elektron yo‘llanmalarni rasmiylashtirish, tekshiruv va davolanish jarayonlarini elektron shaklda yuritish, dori vositalari uchun elektron retseptlardan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.

Shuningdek, "Elektron sog‘liqni saqlash" axborot tizimi boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi belgilangan. Bu esa bemor haqida zarur ma’lumotlarni elektron tarzda olish va tizimdagi jarayonlarni yanada shaffof tashkil etish imkonini beradi. Bemorning elektron tibbiy kartasini yuritishga mo‘ljallangan Dmed yagona tibbiy axborot tizimi ham ishlab chiqilib, joriy etilgan. Tizimda elektron retseptlar ham nazarda tutilgan. Bemor shifokor tomonidan buyurilgan dori vositalari ro‘yxatini elektron shaklda oladi va belgilangan tartibda biriktirilgan dorixonalarga murojaat qilishi mumkin.

**Davlat va xususiy klinikalar tizimda ishtirok eta oladimi?**

Kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb etiladi. Buning uchun tibbiyot tashkiloti Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tegishli shartnoma tuzadi. Ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar shartnoma asosida, belgilangan tartibda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi orqali xususiy klinikalardan ham xizmat olish imkoniyati mavjud. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan xususiy tibbiyot muassasalari ham kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatishga jalb etilishi mumkin. Bunda bemor belgilangan tartibda oilaviy shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron yo‘llanma asosida tegishli tibbiyot muassasasiga yo‘naltiriladi. Ya’ni, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida bemorga zarur tibbiy xizmatni nafaqat davlat, balki Jamg‘arma bilan shartnoma asosida ishlayotgan nodavlat tibbiyot tashkilotida ham olish imkoniyati yaratiladi.

**Rejali statsionar davolanishni bepul olish huquqi**

PQ-311-son qarorining amaldagi tahririga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda tuman, shahar va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida quyidagi shaxslar bepul olish huquqiga ega bo‘ladi:

* I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;

* Urush faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;

* Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan shaxslar;

* Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;

* Kam ta’minlangan oilalar a’zolari;

* O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb e’tirof etilgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.

Demak, ushbu toifadagi fuqarolar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat bor. 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam ham bepul ko‘rsatiladi. Lekin bu imkoniyat barcha soliq to‘lovchilarga birdek tegishli emas. Qarorning amaldagi tahririga ko‘ra, so‘nggi bir yil davomida kamida olti oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘laganlar, shuningdek, qarorning 3-bandida ko‘rsatilgan ayrim toifalar uchun davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.

Umuman olganda, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi – bu faqatgina yangi hujjat yoki yangi tartib emas. Bu aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini belgilash va tibbiy xizmatlarni davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishning yangi mexanizmidir. Eng asosiysi, fuqarolardan davlat tibbiy sug‘urtasi uchun qo‘shimcha sug‘urta badali talab etilmaydi. Biroq kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan tartiblarga amal qilish, zarur tibbiy ko‘riklardan o‘z vaqtida o‘tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish va shifokor tavsiyalariga rioya etish muhim ahamiyatga ega.

Shu ma’noda, davlat tibbiy sug‘urtasi – insonga zarur paytda sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatini kengaytirish, tibbiy xizmatlarni moliyalashtirishni tartibga solish va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan muhim tizimdir.

Barno Meliqulova suhbatlashdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.