Davlat tashkilotlarida o‘zbek tiliga rioya etish nazorati kuchaytiriladi
O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish hamda o‘zbek tili qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. Davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilar qonunchilik ijrosini nazorat qilib, hujjatlar, tashqi yozuvlar va reklamalarning til me’yorlariga muvofiqligini o‘rganib boradi.

Davlat tashkilotlarida o‘zbek tiliga amal qilish nazorati kuchaytiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi 437-sonli qarori bilan respublikada davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi.
Qarorga ko‘ra, respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman va shahar hokimliklarida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.
Ularning faoliyatini Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti muvofiqlashtiradi va uslubiy jihatdan boshqaradi. Maslahatchilar tegishli tashkilot rahbari tomonidan Departament bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Maslahatchilarning asosiy vazifalaridan biri davlat tili, geografik ob’yektlar va ma’naviy-ma’rifiy sohaga oid qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘ladi. Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish choralari ko‘riladi.
Bundan tashqari, davlat idoralaridagi tashqi yozuvlar, lavhalar, e’lonlar, reklama va ko‘rgazmali axborot materiallarining qonunchilik talablariga muvofiqligi nazorat qilinadi.
Qaror bilan davlat tiliga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi uchun davlat organlari, tashkilotlar, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining mas’ul va shaxsiy javobgar ekani ham belgilangan.
Shuningdek, davlat tilida ish yuritish samaradorligini oshirishga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarida navbatma-navbat tanlov asosida monitoring ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan.

