Davlat tashkilotlarida kiberxavfsizlik nazorati kuchaytiriladi
O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlarida kiberxavfsizlikka oid topshiriqlarni nazorat qilishning yangi tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Tegishli loyihaga ko‘ra, axborot tizimlarida aniqlangan zaiflik va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar Ijro.gov.uzʼning alohida moduli orqali nazorat qilinadi.

Davlat tashkilotlarida kiberxavfsizlik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan O‘zbekiston prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi farmon loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu hujjat soha va hududlarni raqamlashtirish jarayonida kiberxavfsizlikni ta’minlash, byurokratik jarayonlarni optimallashtirish hamda raqamlashtirishga oid topshiriqlar ijrosini nazorat qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Loyihaga ko‘ra, kiberxavfsizlikka oid topshiriqlar ijrosi bo‘yicha nazorat va hisobdorlik "Ijro.gov.uz" tizimidagi alohida modul orqali tashkil etiladi.
Bunda kiberxavfsizlik sohasida ekspertiza o‘tkazishga mas’ul organ davlat organlari, tashkilotlari va davlat ulushi mavjud korxonalarning axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalarida aniqlangan zaiflik va kamchiliklar bo‘yicha tegishli topshiriqlarni shakllantiradi.
Ekspertiza jarayonida aniqlangan kamchiliklar, berilgan ko‘rsatma va takliflar ham ushbu topshiriqlarga kiritilib, tizimli ravishda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Vazirlar Mahkamasi esa ularni "Ijro.gov.uz"ning maxsus modulida nazoratga olib, mas’ul ijrochilarga yo‘naltiradi. Topshiriqlarning bajarilishi haftalik hisobotlar asosida monitoring qilinadi.
Kiberxavfsizlikka oid topshiriqlar faqat Raqamli texnologiyalar vazirligining ijobiy xulosasi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan nazoratdan yechilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, raqamlashtirishga oid topshiriqlarni bajarish muddatini kiberxavfsizlik bo‘yicha uch bosqichli ekspertiza muddatlaridan kelib chiqib uzaytirish imkoniyati belgilanmoqda. Bunday uzaytirish Raqamli texnologiyalar vazirligi taklifi asosida Adliya vazirligi tomonidan Hisob palatasi bilan kelishilgan holda, har bir bosqich uchun faqat bir marta amalga oshirilishi mumkin.
Loyihada davlat organlari, davlat tashkilotlari va davlat ulushi mavjud korxonalarning davlat axborot tizimlari va resurslarini boshqa tashkilotlar hamda yuridik va jismoniy shaxslarning axborot tizimlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiya qilishga oid cheklovlar ham aniqlashtirilmoqda.
Farmon ijrosi uchun Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari, adliya vaziri va raqamli texnologiyalar vaziri shaxsan mas’ul etib belgilanishi, umumiy nazorat va mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish esa bosh vazir zimmasiga yuklatilishi nazarda tutilgan.

