Davlat aktivlarini sotib olishda boshlangʻich toʻlov 15 foizgacha kamaytiriladi
Prezident farmoni bilan davlat aktivlari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini sotib olishda avans toʻlovi 30 foizdan 15 foizgacha kamaytirildi. Yirik obʼyekt uchun toʻlovni 6 oy ichida toʻliq amalga oshirgan xaridorga 25 foizlik chegirma beriladi. Yarim yil ichida 50 foiz toʻlovni amalga oshirgan xaridor esa qolgan summani 7 yil davomida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlashi mumkin boʻladi.

Davlat aktivlarini sotib olishda dastlabki toʻlov 15 foizgacha kamaytiriladi
Prezidentning «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni (2026 yil 27 avgustdagi PF-177-son) imzolandi.
Hujjat davlat mulkini xususiylashtirish va ijaraga berish tartib-taomillarini soddalashtiradi.
Xususan, davlat aktivlari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari sotib olinganda, avans toʻlovi miqdori 30 kalendar kun ichida toʻlash muddati bilan 15 foiz (ilgari — 30 foiz) etib belgilanadi, qolgan summa esa qonunchilikda nazarda tutilgan muddatlarda foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlanishi mumkin.
Elektron onlayn-auktsionlar, tanlovlar va birja savdolarida realizatsiya qilingan davlat aktivlari boʻyicha, agar sotib olish summasi BHMning 23 ming baravaridan (10 mlrd 120 mln soʻm) oshsa, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan, qiymati BHMning 8 ming baravaridan (3 mlrd 520 mln soʻm) yuqori boʻlgan yer uchastkalari boʻyicha:
obʼyekt uchun toʻlovni olti oy ichida toʻliq amalga oshirgan xaridorga umumiy summadan 25 foiz chegirma beriladi;
olti oy ichida 50 foizini toʻlagan xaridorga qolgan summani 7 yilga foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi;
uch oy ichida 35 foizini toʻlagan xaridorga qolgan summani 5 yilga foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi;
ushbu imkoniyat muzokaralarga ommaviy taklif qilish yoʻli bilan sotilgan davlat aktivlariga tatbiq etilmaydi.
Davlat aktivlari qiymatining kamida 50 foizini toʻlagan xaridorlarga ularni rekonstruktsiya qilish (yangi qurilish uchun buzish) va taʼmirlash huquqi beriladi.
Agar davlat aktivlari uch oy davomida ochiq elektron onlayn-auktsionlar va birja savdolarida realizatsiya qilinmasa, ularning boshlangʻich narxi qoldiq (balans) qiymati yoki sof aktivlari summasining 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizga pasaytiriladi.
Agar davlat aktivlari ikki oy davomida sotilmasa, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ularni lotlarga boʻlgan yoki birlashtirgan holda qayta savdoga chiqarish huquqi beriladi.
Xususiylashtirilishi muzokaralarga ommaviy taklif qilish yoʻli bilan boshlangan davlat ishtirokidagi korxona boʻyicha, narx taklifi kelib tushganidan soʻng uning sof foydasi (agar u baholashda hisobga olingan boʻlsa) korxona ixtiyorida qoladi.
Davlat korxonalari va davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlarini, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini sotishda:

