Davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi

Davlat aktivlarini xarid qilishda avans miqdori 30 foizdan 15 foizga qisqartiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda davlat rahbari hududlarda "biznes imkoniyatlari"ni kengaytirish, minglab gektar bo‘sh yerlar va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlarini to‘liq iqtisodiy aylanmaga kiritish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar uchun quyidagi yengilliklar joriy etilishi belgilandi:
* Olti oy ichida to‘liq to‘lovni amalga oshirgan tadbirkorlarga 25 foiz chegirma beriladi.
* Summaning yarmini to‘lagan tadbirkor qolgan qismini 7 yil davomida foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi.
* Uch oy davomida sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha kamaytiriladi, shuningdek, auksion muddati ikki barobar qisqartiriladi.
Shuningdek, auksionda yer sotib olgan tadbirkorlarning qurilishni boshlash uchun 6 oydan 1 yilgacha hujjat yig‘ishiga chek qo‘yilib, hokimlar yerni qurilish ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan "tayyor paket" shaklida savdoga chiqarishi belgilandi. Bunday yerni olgan tadbirkor qurilishni darhol boshlashi mumkin bo‘ladi, infratuzilma yig‘imi bo‘yicha avans ham 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.
Bundan tashqari, banklar balansidagi 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta mulkni chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi. Uni sotib olgan tadbirkor bir yil davomida yer va mulk solig‘ini to‘lamaydi.
Birinchi navbatda mahalliylashtiriladigan 50 ta mahsulot ro‘yxati shakllantirilib, ularni o‘zlashtirish uchun Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Hazorasp maxsus iqtisodiy zonalarining bir qismida "Bond sanoat zonalari" tashkil etiladi. Bu zonalarga xomashyo va butlovchi qismlarni olib kirishda barcha soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi, mahalliylashtirish darajasi 30-40 foizdan oshsa, mahsulotni ichki bozorga chiqarishda ham imtiyozli shartlar qo‘llaniladi.
"Bond sanoat zonalari"da zamonaviy R&D markazlari, laboratoriya, muhandislik va texnologik xizmatlar yagona zanjirda ishlaydi, tadbirkorlarga infratuzilmali tayyor binolar taqdim etish uchun 50 million dollar ajratiladi.

