«Darvozabonlar masalasida inqiroz bor» - Osiyo kubogi oldidan milliy jamoaning ogʻriqli nuqtalari haqida
Oʻzbekiston milliy jamoasining Janubiy Koreyaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvi terma jamoaning kuchli va zaif nuqtalarini yana bir bor koʻrsatdi. Kannavaro qurishga urinayotgan yangi jamoa nimasi bilan Katanes davridagidan farq qiladi? Masharipov, Shukurov va boshqa tajribali futbolchilarning termaga qaytish imkoniyati bormi? Kun.uz Sport milliy jamoaning Osiyo kubogi oldidan imkoniyatlarini muhokama qildi.

«Darvozabonlar masalasida inqiroz bor» — Osiyo kubogi oldidan milliy jamoaning ogʻriqli nuqtalari haqida
Yaxyoxoʻja Ulugʻxoʻjayev:
Bobur aka, Janubiy Koreya bilan oʻyinni birga koʻrdik. Nima kutgandingiz va nimani koʻrdingiz?
Bobur Akmalov:
Hozir Oʻzbekiston milliy jamoasidan kutganlarim toʻliq oqlanmayapti. Buning obyektiv sabablari bor. Kannavaro faoliyatini endi boshladi, desak toʻgʻri boʻladi. Jahon chempionatigacha va jahon chempionatida uning ishini toʻliq baholash uchun yetarli material boʻlmadi.
Endi u oʻz jamoasini shakllantiryapti, oʻzi istagan futbolchilarni tarkibga qoʻshyapti va natija uchun toʻliq javob beradigan bosqichga keldi. Shu bois men hozir Kannavaroning «chizgilari»ni, uning jamoasi avvalgi terma jamoadan nimasi bilan farq qilishini koʻrishni xohlardim. Bu asta-sekin namoyon boʻlyapti. Balki Osiyo kubogigacha manzara toʻliq shakllanar.
Bu FIFA kunlarida yangi futbolchilarning tajribali futbolchilar bilan uygʻunlashuvini ham kuzatdik. Eron, Suriya va endi Janubiy Koreya bilan oʻyinlar bizga muayyan xulosalar uchun material berdi.
Men esini taniganimdan beri koʻrgan Janubiy Koreya terma jamoalari orasida hozirgisi, ehtimol, eng kuchsizlaridan biri. Aksincha, hozirgi Oʻzbekiston terma jamoasi men koʻrgan Oʻzbekiston jamoalari orasida eng kuchli ikki-uchtalikka kiradi.
Shunga qaramay, bu uch oʻyin bizga ayrim detallarni koʻrsatadi, ammo hali toʻliq manzarani emas. Kannavaro ham izlanishda. Shu sabab hozir unga ortiqcha bosim yoki tanqid yoʻllamagan boʻlardim.
Koreyaga qarshi oʻyinda menga yoqqan jihatlar boʻldi. Ayrim besh-oʻn daqiqalik boʻlaklarda yaxshi bosim qildik, yaxshi harakatlandik. Ammo yakunda muammo bor. Oxirgi pas yoki oxirgi zarbadagi kichik xatolar, ustiga-ustak Koreyaning yaxshi himoyalanishi kamchiliklarimizni ochib berdi. Ayniqsa, himoyada va eng ogʻriqli nuqtamiz — darvozada.
Yaxyoxoʻja Ulugʻxoʻjayev:
Janubiy Koreya har qachongidan zaifroq ekanini hatto koreys mediasi ham yozmoqda. Oʻyindan oldin gʻalaba yoki hech boʻlmaganda durangga umid bormidi?
Bekzod Isayev:
Oldingi ikki oʻyindan keyin eyforiyaga berilib, «Koreyani ham yutamiz» degan fikr menda yoʻq edi. Chunki biz soʻnggi paytlarda bunday jamoalar bilan deyarli oʻynamayapmiz. Eron bilan koʻp oʻynaymiz, orada arab davlatlari jamoalari bor. Ammo qitʼaning boshqa qismidagi kuchli jamoalar bilan oʻyinlar kam.
Ularning oʻyin tezligi baribir biznikidan yuqori. Jahon chempionatida salbiy natija qayd etgan, oʻz yurtida tanqid qilinayotgan boʻlsa ham, Koreyaning futboli biznikidan farq qiladi.
Shu bilan birga, bugungi oʻyinni koʻrib, 10-15 yil oldingi Oʻzbekiston terma jamoasini esladim: hujumkor, kuchli raqib bilan tengma-teng oʻynashga qodir jamoa. Farq ayrim detallarda qolyapti.
Birinchi taymda toʻp nazoratida ham ustunlikka erishgan paytlarimiz boʻldi. Vaziyatlar yaratdik, ammo ulardan foydalana olmadik. Ikkinchi taymda esa charchoq sezildi.
Yaxyoxoʻja Ulugʻxoʻjayev:
Darvozabon masalasiga oʻtaylik. Oʻtkir Yusupov bu yigʻinga chaqirilmadi. Nazarovni koʻrdik, Koreyaga qarshi Abduvohid Neʼmatov oʻynadi. Bu muammo tobora kattalashib borayotgandek emasmi?
Bobur Akmalov:
Darvozabonlar muammosi bor va u azaldan, Katanes davridan mavjud. Oʻtkir Yusupovni jahon chempionatiga olib chiqqan seyvlari, qaytargan penaltilari uchun eʼtirof etamiz. Ammo bir qator oʻyinlarda u qaytarishi kerak boʻlgan zarbalarni oʻtkazib yuborganini ham koʻrganmiz.
Abduvohidga kelsak, maydonda uning xatolarini «Nasaf»da ham, jahon chempionatida ham koʻrdik. Bugungi birinchi golda, ochigʻini aytganda, toʻp Abduvohidniki edi. Ikkinchi golda ham biroz oldinga chiqib, pozitsiyasini yoʻqotdi va bosh bilan berilgan zarbaga ulgurmay qoldi.
Xato hammada boʻladi. Ammo uning muntazam takrorlanishi — yomon signal. Katta turnirda raqiblar har bir darvozabonimizning kamchiligini oʻrganadi. Kimdir chiqishda xato qiladi, kimdir oʻziga kelgan zarbalarni qaytarishda qiynaladi, yana kimdir toʻpni oldiga qaytaradi. Zamonaviy futbolda bularning barchasi tahlil qilinadi.
Hozir birorta darvozabonimizdan 100 foiz koʻnglimiz toʻq emas. Menimcha, Kannavaroda ham xuddi shu muammo bor. Abduvohid, Oʻtkir, Vladimir Nazarov yoki Botirali Ergashevning eng yaxshi xususiyatlarini bitta darvozabonga jamlasak, balki ideal posbon chiqardi. Ammo har birining yaxshi jihatlari bilan birga kamchiliklari ham bor.
Shu sabab Kannavaroning boshqa tanlovi ham koʻp emas. Bor darvozabonlar bilan turnirga tayyorlanishga majburmiz.
Bir paytlar Nesterovni, undan oldin Bugaloni maqtaganmiz. Albatta, ularda ham kamchiliklar boʻlgan. Ammo Katanes jamoani qabul qilib olgan davrdan hozirgacha qaraydigan boʻlsak, aynan darvozabon pozitsiyasida pasayish bor.
Ayniqsa, himoyamizda kuchli futbolchilar koʻpayib borayotgani fonida bu yanada yaqqol koʻrinyapti. Hujum va himoya chizigʻimiz yaxshi. Muammo asosan ikki chiziqda — yarimhimoya va darvozada.
Bir necha yil avval Denis Ivankov bilan suhbatda u qiziq fikr aytgan edi: «Sizlar hozir sezmayapsizlar, ammo oʻzbek futbolida darvozabonlar regressga ketyapti». Sababini soʻraganimizda, Superliga klublarida professional darvozabonlar murabbiylari yetishmasligini aytgandi.
Darvozabonni tayyorlash faqat oltita toʻpni otib, u yoqdan bu yoqqa sakratish emas. Uning alohida texnikasi, mashgʻulot dasturi boʻlishi kerak. Afsuski, bugun oʻsha muammoning natijasini koʻryapmiz.
Bekzod Isayev:
Menimcha ham, hozir oʻzbek futbolida darvozabonlar inqirozi kuzatilyapti. Oʻtkir Yusupovning jahon chempionati saralashidagi qahramonligini bilamiz. Lekin undan oldin Osiyo kubogida oddiy zarbani oʻtkazib yuborganini ham koʻrganmiz.
Hozir Abduvohidda ham shunga oʻxshash holat. Katta va muhim oʻyinlarda bosimni his qilayotgandek. Koreya ham bizni yaxshi oʻrgangan. Oʻziga kelgan, murakkab boʻlmagan zarbani qaytara olmaslikni ochiqchasiga darvozabon xatosi deyish kerak.
Lekin muammo faqat darvozabonda emas. Markaziy himoyada ham bogʻlam ishlamayapti. Ikkinchi golda futbolchilar orasida katta masofa paydo boʻldi va koreyalik futbolchi bemalol gol urdi.
Shu nuqtai nazardan Husniddin Aliqulovning tezroq safga qaytishini koʻpchilik kutyapti. Bugungi oʻyin uning milliy jamoa uchun qanchalik muhim futbolchi ekanini yana bir bor koʻrsatdi.
Yaxyoxoʻja Ulugʻxoʻjayev:
Eron bilan chiroyli gʻalaba qozondik. Bugungi magʻlubiyat fonida oʻsha natijaning qiymati yoʻqolib ketmaydimi?
Bekzod Isayev:
Oddiy koʻcha futbolida ham bir raqib bilan juda koʻp oʻynasangiz, avval doim yutqazgan boʻlsangiz ham, bir kuni yuta boshlaysiz. Biz Eron bilan munosabatlarda shu bosqichga keldik.
Bizning futbolimizda oʻsish bor. Futbolchilarimiz Yevropaga chiqyapti, daraja koʻtarilyapti. Eronda esa avlodlar almashinuvi ogʻir kechyapti. Biz anchadan beri biladigan Azmun, Taremiylar hali ham bor. Buni Eron matbuotining oʻzi ham yillardan beri tanqid qiladi.
Bizda esa avlodlar almashinuvi yaxshiroq kechdi. Deyarli har yigʻinda bitta-ikkita yangi futbolchi paydo boʻlyapti. Behruz Karimov, Muhammadjonov kabi futbolchilar kirib kelyapti. Ular raqib uchun ham yangi va nomaʼlum futbolchilar.
Shu sabab Eronni yutayotganimiz faqat bizning juda kuchayib ketganimiz emas, balki ularda avlodlar almashinuvi yaxshi kechmayotgani bilan ham bogʻliq.
Bobur Akmalov:
Eron bilan shu qadar koʻp oʻynayapmizki, oxirgi matbuot anjumanida hatto fors tilidan oʻzbek tiliga toʻgʻridan-toʻgʻri tarjima qiladigan tarjimon ham bor edi.
Eron hozir biz uchun asosiy oʻlchov boʻlolmaydi. Bizdagi progress ulardagi regress bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi. Toʻrt-besh yil oldin Eron bilan durang oʻynasak yoki ulardan oʻta olsak, «shu darajaga yetibmiz», deb xursand boʻlardik.
Endi marrani oʻzgartirishimiz kerak. Yangi oʻlchov — Janubiy Koreya, Yaponiya kabi Osiyoning eng kuchli jamoalari.
Bizda oʻsish bor. Reytingda koʻtarildik, raqiblar biz bilan hisoblashyapti, legionerlarimiz soni va sifati oshdi. Ammo jamoada qancha yaxshi futbolchi boʻlmasin, ular oʻrtasida tushunish va bogʻlamlar boʻlmasa, alohida-alohida yulduzlar jamoasi boʻlib qolaveradi.
Koreyaning hozirgi holati haqida ham bir narsani unutmaslik kerak. «Koreya pasaydi» deganimizda, ularni Oʻzbekiston yoki Eron bilan emas, Koreyaning eng kuchli davri bilan taqqoslaymiz. Ular oʻzlarining yuqori darajasidan pasaygan.
Ammo ana shu pasaygan daraja ham Oʻzbekistonni bugungi koʻrinishda magʻlub etishga yetarli boʻldi. Biz aynan shundan xulosa chiqarishimiz kerak.
Shu bilan birga, bu oʻrtoqlik uchrashuvi va Kannavaroning eksperimentlari hali davom etayotganini ham unutmaylik. U kim nimani bera olishini tekshiryapti. Shu sabab hozir jamoa haqida yakuniy hukm chiqarmagan boʻlardim.
Kannavaroning asosiy imtihoni — Osiyo kubogi. Oʻsha paytgacha jamoani tayyorlay olsa, toʻgʻri yoʻldan ketganini ayta olamiz. Tayyorlay olmasa, eng katta imtihonini boy bergan boʻladi.
Bobur Akmalov:
Yangi chaqirilganlar orasida kimni oʻzingiz uchun kashf qildingiz?
Yaxyoxoʻja Ulugʻxoʻjayev:
Men uchun Muhammadjonov kashfiyot boʻldi. U shaxsan men uchun biroz mavhum futbolchi edi. «Andijon»da oʻynadi, keyin legionerga aylandi. Farrux Sayfiyev chaqirilmagach, Sherzodga raqobatchi kim boʻladi, degan savol bor edi.
Muhammadjonov birinchi oʻyinning oʻzida yaxshi reyd qilib, assist amalga oshirdi. Shu sabab men uchun ushbu yigʻinning kashfiyoti shu futbolchi boʻldi.
Akmal Mozgovoy ham milliy jamoaga juda yaxshi qoʻshilyapti. Lekin biz uning bunday oʻyinlarini avval ham koʻrganmiz. Muhammadjonov esa men uchun yangilik boʻldi.
Bekzod Isayev:
Men uchun Muhammadjonov yangilik emas. Uni Temur Kapadze boshqargan Olimpiya jamoasidan beri bilaman. Oʻsha katta natijalarga erishgan jamoaning ajralmas qismi edi.
U qanotdagi reydlarini doim koʻrsatib kelgan. Keyin «Andijon»da oʻyini unchalik chiqmagan. Bu murabbiy, sxema va boshqa omillarga ham bogʻliq. Legioner boʻlgach yana oʻzini koʻrsata boshladi va milliy jamoaga bekorga chaqirilmaganini isbotladi.
Hozir muammoli pozitsiyalarimizdan birida eng optimal variantlardan biri boʻlib koʻrinyapti. Buni Kannavaroning topilmalaridan biri desak boʻladi.
Mozgovoyni ham qoʻshgan boʻlardim. Behruz Karimov esa allaqachon asosiy tarkib futbolchisiga aylanib ulgurgan. Hojiakbar Alijonov qaytsa, oʻng qanotda raqobat yanada kuchayadi.
Lekin hozir asosiy masala alohida futbolchilar emas. Asosiysi — ularning oʻzaro «kimyosi». Katanes jamoasida deyarli bir xil sxema va bir xil futbolchilar oʻynardi. Ular koʻzini yumgan holda ham keyingi pas kimga borishini, sherigi qayerda ochilishini bilardi.
Yangi jamoaga vaqt kerak. Kannavaroga ham, futbolchilarga ham. Yangi va eski futbolchilar bir-birini tushunib olishi zarur. Toʻpni qabul qilayotganda keyingi harakatini oldindan bilishi kerak. Biz Koreya va Yaponiyadan aynan maydonda fikrlash tezligi boʻyicha ham ortdamiz.
Yaxyoxoʻja Ulugʻxoʻjayev:
Bu yigʻinda avvalgi jamoa liderlaridan Oʻtkir Yusupov, Otabek Shukurov, Jaloliddin Masharipov, Rustam Ashurmatov, Oston Oʻrunov, Igor Sergeyev va boshqa bir qator futbolchilar chaqirilmadi. Ularning milliy jamoada hali kelajagi bormi yoki Kannavaro shu tarkib bilan Osiyo kubogiga boradimi?
Bobur Akmalov:
Eʼtibor bersak, hozir chaqirilmagan futbolchilarga ehtiyojni qattiq his qilmayapmiz. Birorta pozitsiyada «falonchi boʻlganida edi» degan fikr tugʻilmadi.
Masharipovni ham, Otabekni ham, Sergeyevni ham nazarda tutyapman. Sergeyev ayrim oʻyinlarda boshqacha tipdagi hujumchi sifatida kerak boʻlishi mumkin. Lekin hozirgi futbolchilar oʻrniga albatta falonchi boʻlishi shart edi, degan fikr yoʻq.
Abbos bor, Gʻaniyev bor, Mozgovoy bor, markazda Hamrobekov. Yangi jamoa shakllanyapti.
Lekin bizga koʻp xizmat qilgan, jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritishda hissasi boʻlgan tajribali futbolchilar uchun eshik yopilgan emas. Kannavaro ham eshik hamisha ochiqligini aytdi.
Otabek ham, Jaloliddin ham, Igor ham qaytishi mumkin. Bu endi ularning oʻziga bogʻliq. Agar oʻzini yana motivatsiya qila olsa, «milliy jamoada hali ishim bor» deb hisoblasa, istalgan yosh futbolchiga raqobatchi boʻla oladi.
Hali hech kim ularning ustidan chiziq tortgan emas.
Yaxyoxoʻja Ulugʻxoʻjayev:
Bu futbolchilar uzoq yillar milliy jamoada oʻynagan va ularning shaxsiy muxlislari ham koʻp. Shuning uchun «nega u yoʻq, nega bu yoʻq?» degan savollar boʻldi.
Lekin ushbu yigʻindagi uchta oʻyin bir narsani koʻrsatdi: termaga yangi kirib kelayotgan futbolchilar berilgan kichik imkoniyatdan maksimal foydalanishga harakat qilyapti. Xuddi bu ularning soʻnggi imkoniyatidek.
Shuning uchun tarkib juda tez yangilanyapti. Bugun magʻlub boʻldik, ayrim kamchiliklar bor. Ammo oʻsha kamchiliklarni muhokama qilayotganda «bu pozitsiyada chaqirilmay qolgan falon futbolchi boʻlganida muammo hal boʻlardi», deya olmayapmiz.
Faqat darvozabon pozitsiyasi eng ogʻriqli nuqta boʻlib qolyapti. Eng yomoni, bu yerda ham «falonchi boʻlganida edi» deb aytadigan aniq nomimiz yoʻq.
Yaxyoxoʻja Ulugʻxoʻjayev:
Kannavaro darvozabonlarga imkoniyat berishini koʻp aytadi. Jahon chempionatida ham Oʻtkir Yusupov bir oʻyindan keyin almashtirilganida buni murabbiy qarori ekanini aytgandi.
Kannavaro esa «uchta yaxshi darvozabonimiz bor, hammasiga imkoniyat berishni istayman» degandi. Ammo uchinchi darvozabonni keyingi oʻyinda ham tushirmadi.
Hozir ham shunday savol bor: nega Edem sinab koʻrilmayapti?
Darvozabonlar inqirozi boʻlsa, uni aynan hozir sinab koʻrish kerak. Keyingi yigʻinda kech boʻlishi mumkin. Chunki noyabr va dekabrdagi yigʻinlar Osiyo kubogi oldidan hal qiluvchi bosqich boʻladi. Oʻsha paytga kelib Kannavaro asosiy tarkibini belgilab olgan boʻlishi kerak.
Bekzod Isayev:
Edemning yana bir qiziq jihati bor: mashgʻulotlarda u faqat darvozabonlar bilan emas, maydon futbolchilari bilan ham koʻp ishlayapti. Uni yangi avlod darvozaboni sifatida koʻrayotgan mutaxassislar bor. Undan ham, Samandardan ham umid qilamiz.
Bekzod Isayev:
Biz uzoq vaqt ishlatgan 5-2-3 sxemasidan 4-3-3 ga oʻtayotgandekmiz. Bu oʻzgarishning ijobiy va salbiy tomonlari nimada?
Bobur Akmalov:
Men hozircha faqat ijobiy tomonlarini koʻryapman. Jamoaning oʻyinida rang-baranglik, hujumkorlik paydo boʻldi.
Avvalgi sxema Kannavaroning asosiy ishchi sxemasi emas edi. U jahon chempionatiga oz vaqt qolganda jamoani qabul qilib oldi va Katanes toʻrt yil davomida qurgan tizimni radikal oʻzgartirib yubormaslikka qaror qildi. Oʻsha futbolchilar, oʻsha sxema bilan davom etdi.
Endi esa uning oʻzi xohlagan futbol, oʻzi xohlagan sxema va oʻzi tanlagan futbolchilarni koʻryapmiz.
Husniddin Aliqulov qaytsa, himoya yanada yaxshilanadi. Himoyani boshqarishda uning oʻrni bilinadi.
Yangi sxema bilan jamoa avvalgidan hujumkorroq. Toʻp koʻproq bizda, vaziyatlar koʻproq yaratilmoqda. Koreya bilan oʻyin statistikasi ham buni koʻrsatdi.
Kannavaro bora-bora aynan shu sxemaga mos futbolchilarni chaqiryapti. Toʻrt himoyachi bilan oʻynashni biladigan futbolchilar keladi, markaz va hujumda ham xuddi shu prinsip ishlaydi.
Shuning uchun men bu oʻzgarishda hozircha plyus koʻryapman.
Kannavaroning yana bir yaxshi jihati bor. U juda kuchli yoki juda tajribali mutaxassis emasligini uning kelishidan oldin ham aytganmiz. Ammo u keldi va bu endi voqelik. Biz ham uning Oʻzbekistonda muvaffaqiyat qozonishini xohlaymiz.
Uning matbuot anjumanlaridagi munosabatiga ham eʼtibor berdim: hozirgacha birorta futbolchisini omma oldida yomonlamagan. Kimnidir tarkibdan chiqarsa ham, uning kamchiliklarini sanab oʻtirmaydi. Qoʻl ostidagi futbolchilarini imkoni boricha himoya qiladi.
Bekzod Isayev:
Jahon chempionatidan keyin uning maoshi, shtabi, oʻyin uslubi, hatto mehmonxonadagi hayotigacha muhokama qilinganini sanab oʻtdi.
Keyin: «Men bitta narsadan xursand boʻldim — terma jamoamga hech qanday gap tegmadi. Hamma zarbani men qabul qildim, shogirdlarim esa zarba olmadi», dedi.
Bu uning futbolchilarini himoya qilishga qanday munosabatda ekanini koʻrsatadi.
Yaxyoxoʻja Ulugʻxoʻjayev:
Kannavaro Oʻzbekistonga kelganida ham uch markaziy himoyachi bilan oʻynagan paytlari boʻlgan. Ammo Katanes uslubidan farqli ravishda futbol hujumkorroq edi. Kombinatsiyalar bor edi, oʻyin faqat «Shomurodovga pas bering, u tezligi bilan ketadi» degan sxemaga qurilmagandi.
Jahon chempionati oldidan esa boshqa vaziyat yuzaga keldi. Bu Oʻzbekistonning ilk mundiali edi, hamma qarab turgandi. Uslubni keskin oʻzgartirish uchun vaqt kam edi. Shu sabab ishlab turgan tizimni saqlab qolish qarori qabul qilindi.
Ammo endi oʻylab qarasak, ehtimol, bu xato boʻlgan.
Faqat himoya haqida oʻylaydigan jamoa gʻalabadan koʻra magʻlubiyatga yaqinroq turadi. Hujum qiladigan jamoa esa gol urib, gʻalaba qozonishi mumkin. Zamonaviy futbol buni koʻp marta koʻrsatgan.
Hozir biz hujumkor oʻynayapmiz. Ikkita oʻyinni yutdik. Koreyaga qarshi esa magʻlub boʻldik.
Mening bitta xavotirim bor: endi kimdir Kannavaroga «hujumkor futbol bilan kuchli jamoani baribir yuta olmadik» degan xulosani singdirib, uni yana himoyaviy futbolga qaytarib qoʻymasligi kerak.
Chunki bugun faqat himoyani oʻylaganimizda, Koreya bilan hatto tengma-teng oʻynay olmasdik. Koreyada Koreyaga qarshi toʻp nazoratida deyarli teng koʻrsatkich qayd etishimizni kim oʻylabdi?
Bekzod Isayev:
Agar ayrim futbolchilarning individual xatolarini chetga chiqarsak, statistikada ham, taktik, jismoniy va ruhiy jihatdan ham Koreya bilan teng oʻynagan pallalarimiz boʻldi.
Ammo tez oʻtkazib yuborilgan gol rejamizni oʻzgartirib yubordi. Biz oʻzimizga qulay boʻlgan qarshi hujum futbolini oʻynay olmadik. Oʻyin boshidan tezkor raqibni quvishga majbur boʻldik.
Hozirgi Oʻzbekiston terma jamoasi haqida yakuniy xulosa chiqarishga hali erta. Ammo bitta narsa aniq: jamoa oʻzgaryapti. Endi bu oʻzgarish Osiyo kubogigacha qay darajada tayyor tizimga aylanishi — Kannavaroning eng katta imtihoni boʻladi.

