Darslarning 60 foizi amaliyot: Namangan va Buxoroda Avstriya bilan taʼlim markazlari ochiladi
Namangan va Buxoro shaharlarida Avstriyaning IMC Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda mehmonxona menejmentiga ixtisoslashgan ikkita kasbiy taʼlim markazi tashkil etiladi. Ularda oʻquv mashgʻulotlarining kamida 60 foizi amaliy darslardan iborat boʻladi.

Darslarning 60 foizi amaliyotga asoslanadi: Namangan va Buxoroda Avstriya bilan taʼlim markazlari ochiladi
«Dunyo» axborot agentligining Austria internet nashriga tayanib xabar berishicha, IMC Krems universiteti va Oʻzbekiston Kasbiy taʼlim agentligi oʻrtasida keng ko‘lamli taʼlim hamkorligi bo‘yicha kelishuv imzolangan.
Yangi markazlarda turizm sohasi uchun malakali mutaxassislar hamda o‘qituvchilar tayyorlanadi. Taʼlim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish ham loyihaning asosiy maqsadlaridan biri etib belgilangan.
Markazlarda o‘quv mehmonxonalari tashkil etiladi. Talabalar ularda mehmonlarni kutib olish, mehmonxona xo‘jaligini yuritish va restoran xizmati bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.
Mahalliy o‘qituvchilarni Train-the-Trainer, yaʼni trenerlarni tayyorlash modeli asosida o‘qitish va sertifikatlash ham rejalashtirilgan. Bu orqali Avstriya tajribasini Oʻzbekiston kasbiy taʼlim tizimiga kengroq joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
IMC Krems universiteti Oʻzbekistonda avvaldan ham taʼlim loyihalarida ishtirok etib keladi. Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikdagi dasturlarda 200 nafardan ortiq talaba Avstriya universiteti standartlari asosida tahsil olmoqda.
Yangi markazlar turizm sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Xabarda markazlarning ochilish sanasi va qabul shartlari keltirilmagan.

