«Dars» premerasi: bayram arafasida ustoz qadri haqidagi film tomoshabinlarga taqdim etildi
«Dars» — ustoz, kitob va insonning o‘zgarishi haqidagi samimiy hikoya. Film voqealari bosh qahramon Oyqizning

«Dars» premerasi: bayram arafasida ustoz qadri haqidagi film tomoshabinlarga namoyish etildi
Kecha, 24-sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida «Dars» badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tdi. 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Kontent markazi va Ma’no Cinema tomonidan taqdim etilgan ushbu film tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.
«Dars» — ustoz, kitob va insonning o‘zgarishi haqidagi samimiy hikoya. Film voqealari bosh qahramon Oyqizning orzulari, xatolari va hayotiy sinovlari atrofida shakllangan. Tomoshabin uning shoshqaloq va xayolparast qizdan mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli va yetuk insonga aylanish jarayonini kuzatadi.
Xanifa xola obrazi orqali esa yaxshi ustoz inson taqdirida qanchalik katta iz qoldirishi mumkinligi yoritiladi. Ustoz-shogird munosabatlari, ta’lim-tarbiya va kitobxonlik filmda oddiy g‘oya sifatida emas, balki qahramonlar hayotini o‘zgartiruvchi kuch sifatida ko‘rsatiladi.
Premera davomida filmdagi samimiy va hayotiy sahnalar tomoshabinlarda ayniqsa katta qiziqish uyg‘otdi. Film tugagach esa zaldagi iliq munosabat «Dars» ko‘targan mavzular tomoshabinga yetib borganini ko‘rsatdi.
Kartinada balandparvoz shiorlar yoki sun’iy dramatizmdan ko‘ra insoniylik, mehr-oqibat, ustoz qadri, kitob va milliy qadriyatlar oldingi o‘ringa chiqadi. Shu jihati bilan «Dars» nafaqat tomosha qilish, balki filmdan keyin ham biroz mulohaza qilishga undaydigan kino bo‘lgan.
25-sentyabrdan «Dars»ni yurtimiz kinoteatrlarida tomosha qilish mumkin.

