Daromadi 1 trln so‘mdan yuqori bo‘lgan 50 ta korxona akseleratsiya dasturi orqali IPO’ga tayyorlanadi

Daromadi 1 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan 50 ta korxona akseleratsiya dasturi orqali IPO’ga tayyorlanadi.
O‘zbekistonda mahalliy korxonalarni xalqaro kapital bozoriga olib chiqish maqsadida nufuzli investitsiya banklari ishtirokida maxsus akseleratsiya dasturi ishga tushiriladi. Har yili daromadi 1 trillion so‘mdan oshadigan 50 ta yetakchi korxona ushbu dasturga saralab olinishi belgilandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazmda tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Ushbu korxonalarni IPO’ga tayyorlash va hisobotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish xarajatining yarmi qoplanadi. Bu xususiy korxonalarga chetdan yiliga kamida 1 milliard dollar jalb qilish imkonini beradi.
Joriy yilda ilk bor 13 ta strategik kompaniya aktiviga ega Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz ulushi Toshkent va London fond birjalariga chiqarildi. Bu tajriba xususiy sektor uchun ham tashqi kapital bozorlariga yo‘l ochgani ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev har yili 50 milliard dollarlik yuqori texnologik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotganini qayd etib, ularda kadr tayyorlash komponenti bo‘lishi shartligini ta’kidladi. Davlat rahbari har bir loyihaning samarasi faqat texnologiyaga emas, balki uni ishlata oladigan malakali kadrlarga bog‘liq ekanligini aytdi.
Urganchda Germaniya va Xitoy tajribasi asosida o‘quvchilarni “yashil” energetika, qurilish, hamshiralik, agronomlik, elektrotexnika kabi 10 turdagi kasbga yo‘naltirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tajriba respublikaning barcha hududlariga tatbiq etilishi ma’lum qilindi.
Texnikum tashkil qiladigan yoki davlat texnikumini olib, xalqaro standart asosida kadr tayyorlaydigan tadbirkorlarning xarajatlari solig‘idan chegirib beriladi. Shu tizim orqali 1 million yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsad qilingan.
Ma’lumot uchun, joriy 2026-yilda O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalari London va Toshkent fond birjalarida ommaviy savdoga chiqarildi. Bu mamlakat tarixidagi ilk yirik xalqaro aksiyadorlik bitimi sifatida qayd etildi. IPO natijasida mamlakat iqtisodiyotiga qariyb 604 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ jalb etilgan. Hozirda jamg‘armaning umumiy bozor qiymati 1,95 milliard dollarga baholanmoqda. Saida Mirziyoyeva bu mamlakatning xalqaro investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirib, xorijiy investorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qilgani haqida gapirgandi.

