Daniya keskinlik ortishi fonida Grenlandiyaga askarlar yubordi

Daniya yaqin tarixda birinchi marta chaqirilgan askarlarini Grenlandiyaga yubordi. Bu qaror AQSHning ushbu hududga egalik qilish da'volaridan so'ng Arktikadagi o'z mavqeini mustahkamlash maqsadida qabul qilindi, deb xabar beradi Reuters.
AQSH prezidenti Donald Tramp milliy xavfsizlikni bahona qilib, Grenlandiyani sotib olishga bir necha bor urinib ko'rgan va Kopengagenni Arktika mudofaasiga e'tiborsiz qarashda ayblagan edi. Daniya va Grenlandiya bu g'oyani qat'iyan rad etishgan.
Askarlar Daniyaning kengaytirilgan chaqiruv dasturi bo'yicha tayyorlangan birinchi guruhdir. Ushbu dastur qirollikning eng muhim va murakkab hududida xizmat qila oladigan askarlarni tayyorlashga qaratilgan. "Biz faqat o'zimizni emas, Grenlandiya xalqini ham o'ylayapmiz", dedi 19 yoshli askar Devid Reuters agentligiga.
Daniya mudofaa vaziri mintaqaga yillar davomida yetarlicha mablag' ajratilmaganini tan olganidan so'ng, Kopengagen Arktika mudofaasini kuchaytirish uchun milliardlab dollar ajratishga va'da berdi. Rota komandiri, kapitan Laura Yepsen shunday dedi: "Albatta, biz Grenlandiya bo'yicha strategik aloqalarning bir qismimiz. Ammo bu yerdagi vazifamiz askarlarni tayyorlashni davom ettirishdir. Arktika iqlimida va sharoitida tajriba oshirishimiz kerak".
Askarlar "Arctic Endurance" deb nomlangan harbiy mashg'ulotlarda ishtirok etmoqda. Bu mashg'ulotlar Daniya harbiylarini o'ta sovuq ob-havoda omon qolish va jang qilishga o'rgatadi va "Arctic Sentry" missiyasining bir qismidir. NATO bu missiyani 2026-yilda mintaqadagi o'z mavqeini kuchaytirish va Trampning bayonotlaridan so'ng alyans ichidagi taranglikni yumshatish maqsadida boshlagan.
Arktikada eng katta harbiy kuchga ega bo'lgan Rossiya NATOning bu yerdagi faolligini tanqid qilib, buni xavfsizlikka to'g'ridan-to'g'ri tahdid va to'qnashuv xavfini oshiruvchi harakat deb baholaydi. Foydali qazilmalarga boy bu mintaqada Xitoy ham o'z faoliyatini oshirgan, asosan Moskva bilan hamkorlikda.
Avvalroq Tramp "Grenlandiya Daniya uchun emas, AQSH uchun muhim", deya orolni qo'shib olish g'oyasini ilgari surgani haqida xabar berilgandi. Oq uy rahbari hudud dunyo xavfsizligini ta'minlash uchun kerakligini aytgan, Daniya bosh vaziri esa o'z muxtoriyati – Grenlandiyaning har bir qarichini himoya qilishga so'z bergandi.

