Converse norozilik toʻlqinidan soʻng «qattiq ranjituvchi» reklamani olib tashladi
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari brendning Instagram-akkauntidagi surat Ku-kluks-klan (KKK) kapoti va dorga osish sahnasiga oʻxshashligini aytishmoqda.

Converse ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Ku-kluks-klan tasvirlariga oʻxshatgan surat tufayli kelib chiqqan noroziliklardan soʻng oʻz reklamasini qaytarib oldi va «bu borada xatoga yoʻl qoʻyganligini» tan oldi.
Kompaniyaning Instagram akkauntida joylashtirilgan ushbu surat, odamlar undagi yorugʻlik tufayli u oq rangli uchli qalpoqqa (kapyushon) oʻxshab qolganini aytganidan keyin tarmoqda tanqidlarga uchradi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, shuningdek, suratda osilib turgan bir juft poyabzalni linch qilish (sudsiz qatl etish) qurboniga qiyoslashdi.
Ilk bor juma kuni eʼlon qilingan uzr soʻrash bayonotida Converse ushbu tasvir kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan olib tashlanganini va uni boshqa joylardan ham oʻchirish ustida ishlayotganini maʼlum qildi. «Bunday boʻlmasligi kerak edi va biz bundan buyon yaxshiroq harakat qilamiz», deyiladi bayonotda.
Bayonotda shuningdek: «Biz uzr soʻraymiz. Ushbu tasvir nima uchun qattiq gʻazab qoʻzgʻatganini tushunamiz va bu borada xatoga yoʻl qoʻyganimizni tan olamiz», deb qoʻshimcha qilingan.
Shundan soʻng ushbu tasvir Converse kompaniyasining ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlaridan olib tashlandi.
Fotosurat 27 avgust kuni xalqaro miqyosda taqdim etilgan Chuck 70 X krossovkalari kampaniyasining bir qismi edi.
Kampaniyada Janubiy Koreyaning Aespa K-pop guruhi xonandasi Karina ishtirok etgan boʻlib, u poyabzal reklamalari turkumida namoyon boʻladi.
Converse kompaniyasiga 1900 yillarning boshlarida Massachusets shtatida asos solingan boʻlib, uning mashhurligi 1917 yilda AQSh basketbol maydonlarida Chuck Taylor krossovkalari ilk bor paydo boʻlganidan keyin keskin ortib ketgan.
Ushbu global brend 2003 yildan beri Nike kompaniyasining shoʻʼba korxonasi hisoblanadi.

