Mahalliy

Cobalt'ning ichki bozordagi sotuvlari ishlab chiqarish ko‘rsatkichidan 2 barobargacha tushib ketdi

2026-yilning birinchi yarmida UzAuto Motors qariyb 83 ming dona Cobalt ishlab chiqardi va shundan faqat 41 mingtasini (49 foiz) mahalliy xaridorlarga sota oldi. Ichki bozorda bu modelga bo‘lgan talab bir yilda salkam 40 foizga quladi: o‘tgan yili yanvar-iyun oylarida o‘zbekistonliklar dilerlardan qariyb 68 mingta Cobalt sotib olgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 41 mingtaga tushib qoldi.

Cobalt avtomobilining ichki bozordagi savdosi ishlab chiqarish hajmidan ikki barobar kamaydi.

UzAuto Motors o‘zining eng ommabop modeli – Cobalt avtomobilini ishlab chiqarishni oshirgan bo‘lsa-da, ushbu modelning ichki bozordagi sotuvlarida sezilarli pasayish kuzatilmoqda.

Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida 82 951 dona Cobalt ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 ming donaga yoki 13,5 foizga ko‘pdir.

Shu bilan birga, "O‘zavtosanoat" tomonidan taqdim etilgan sotuvlar statistikasi shuni ko‘rsatadiki, joriy yilning birinchi yarmida UzAuto Motors ichki bozorda 40 936 dona Cobalt sotgan. Bu yuqorida keltirilgan ishlab chiqarish hajmining atigi 49 foizini tashkil etadi. Qolgan qismi eksportga yo‘naltirilgan bo‘lishi yoki omborlarda o‘z xaridorini kutayotgan bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yilning birinchi yarmi bilan solishtirganda, joriy yilda Cobaltning ichki bozordagi sotuvi 39 foizga qisqargan (67 580 donadan 40 936 donaga, ya’ni 26 644 donaga kamaygan).

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston yanvar-iyun oylarida 130,4 million dollarlik avtomobillar eksportini amalga oshirgan, bu ko‘rsatkich bir yil avvalgisidan 5 foizga kam. Statistika qo‘mitasi, "O‘zavtosanoat" va UzAuto Motors avtomobillar eksportining fizik hajmi va modellari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilmaydi.

Qozog‘istonda Chevrolet sotuvlari 32 foizga oshdi

Shu bilan birga, UzAuto Motorsning asosiy eksport bozori bo‘lgan Qozog‘istonda joriy yilda Chevrolet sotuvlari keskin oshgan. Qozog‘iston avtomobil uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida birlamchi avtomobil bozorida Chevrolet sotuvlari 32 foizga oshib, 17 586 donaga yetgan. Shundan 16 370 donasi Cobalt hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu ko‘rsatkich bilan Chevrolet Qozog‘istonda eng ko‘p sotilayotgan avtomobillar reytingida yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rindagi Hyundai sotuvlari joriy yilda 28,6 foizga qisqarib, 17 247 donaga tushib qolgan (shundan 8601 donasi – Hyundai Tucson). Uchinchi o‘rinni 12 332 dona sotuv (+8,9 foiz) bilan Kia egallab turibdi (eng ko‘p Kia Sportage sotilgan – 5200 dona).

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.