Chiroqchida tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash markazi ochildi
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida HAMROHʼning tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan yangi markazi ish boshladi. Unda xotin-qizlar biznesni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish boʻyicha ekspert maslahatlari olishi, taʼlim dasturlarida qatnashishi va mentorlar bilan ishlashi mumkin.

Chiroqchida tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan markaz ish boshladi.
Ushbu markaz Chiroqchi tumani hokimligi va The Stirling Foundation jamgʻarmasi koʻmagida tashkil etilgan boʻlib, Chiroqchi va unga yaqin hududlarda yashovchi tadbirkor ayollar uchun biznesni rivojlantirishga oid taʼlim, maslahat va murabbiylik xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni maqsad qilgan.
Bu HAMROH tashkilotining hududlardagi navbatdagi markazi hisoblanadi. Tashkilot avvalroq Nukusda filial va Chimboyda markaz ochgan edi.
Chiroqchidagi yangi markazda tadbirkor ayollar biznesni ochish va rivojlantirish, moliyaviy savodxonlikni oshirish hamda moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanish boʻyicha maslahatlar olishlari mumkin. Shuningdek, ishtirokchilarga biznesning turli bosqichlarida individual hamrohlik va ekspert koʻmagi koʻrsatiladi.
Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri HAMROH tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Womenʼs Entrepreneurship Support Programme (WESP) dasturi boʻladi.
Markazning ochilish marosimida 80 dan ortiq tadbirkor ayol, davlat organlari vakillari, HAMROH jamoasi, murabbiylar va taʼlim dasturlari ishtirokchilari qatnashdi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi oʻrinbosari - Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Ziyoda Aminova, Chiroqchi tumani hokimi Bahodir Xudoyqulov va HAMROH bosh direktori Dilfuza Nurmatova nutq soʻzladi.
Shuningdek, WESP dasturi murabbiylari, hunarmandlar hamjamiyati vakillari hamda tadbirkor ayollar biznesni rivojlantirish boʻyicha tajriba va amaliy tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun tajriba almashish, hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va yangi kasbiy aloqalar oʻrnatishga qaratilgan netvorking sessiyasi oʻtkazildi.
«Biz uchun har bir yangi markaz, avvalo, tadbirkor ayollar uchun yangi imkoniyatdir. Ayol qayerda yashashi va oʻz biznesini qayerda rivojlantirishidan qatʼi nazar, sifatli qoʻllab-quvvatlashdan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishini istaymiz», - dedi HAMROH bosh direktori Dilfuza Nurmatova.

