Chirchiqda narkolaboratoriya tashkil qilganlar qoʻlga olindi
Tezkor tadbirda 2000 va 2002-yillarda tugʻilgan 4 nafar shaxs ushlangan. Qoʻlga olinganlarning biri muqaddam Rossiyada, ikkisi esa Vetnam va Tailandda laboratoriya sharoitida narkotik moddalar tayyorlash bilan shugʻullangani aniqlangan.

Chirchiqda narkolaboratoriya tashkil etganlar ushlandi
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida narkolaboratoriya aniqlangan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati maʼlum qildi.
Bildirilishicha, DXXning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat IIBB xodimlari hamkorligida Chirchiq shahrida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda shahardagi koʻp qavatli uylardan biridagi xonadonni ijaraga olib, giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shugʻullangan 4 nafar fuqaro qoʻlga olingan.
2000 va 2002-yillarda tugʻilgan ushbu shaxslar Telegram orqali xorijlik kuratorlari tomonidan kontrabanda yoʻli bilan yetkazib berilgan gashish moyi va yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlab, gashish tayyorlashgan.
Xonadon koʻzdan kechirilganda, taxminiy ogʻirligi 400 gr boʻlgan gashish, 5 kg yarim tayyor mahsulot, narkotiklarni quritish uchun moʻljallangan elektr pech, mikser, qoʻlqoplar, himoya vositalari, tarozi va yelim idishlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu shaxslarning 1 nafari muqaddam Rossiyaga, 2 nafari esa Vetnam va Tailandga borib, laboratoriya sharoitida narkotik moddalar tayyorlash bilan shugʻullangani aniqlangan.
Qoʻlga olinganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-1-moddasi 3-qismi “a, b” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

