Chernihiv oblastida raketa koʻp qavatli uyga urildi. 14 kishi halok boʻlgan
Rossiya Ukraina boʻylab navbatdagi yopirilma hujumini amalga oshirdi. Zelenskiy «Rossiya armiyasi shu tarzda Putinni tugʻilgan kuni bilan tabriklamoqchi boʻlgani»ni aytdi.

Chernihiv oblastida raketa koʻp qavatli uyga kelib urildi, 14 kishi halok boʻldi
RF qurolli kuchlari 7-oktabrga oʻtar kechasi va tongda raketa hamda dronlar bilan keng koʻlamli hujum uyushtirib, Ukrainaning bir nechta oblastiga zarba berdi. Ukraina qurolli kuchlari maʼlumotiga koʻra, tun davomida beshta ballistik raketa, 39 ta qanotli raketa va 117 ta dron, jumladan 38 ta reaktiv qurilma urib tushirilgan.
Chernihiv oblastining Priluki shahrida qanotli raketa urilishi oqibatida besh qavatli turar joy binosining ikkita podyezdi vayron boʻlgan. Rasmiylar bu zarba natijasida 14 kishi halok boʻlganini, ular orasida toʻrt nafar bola ham borligini bildirdi. Yana 50 kishi, jumladan yetti nafar bola jarohat olgan.
Prilukiga hujum chogʻida boshqa uylar, bolalar va oʻsmirlar ijod markazi, sanoat korxonalari hamda xususiy avtomobillar ham zarar koʻrgan.
Kiyevda ham tunda ballistik raketalarning bir necha toʻlqini qayd etilgan. Shaharning toʻrtta rayonida zarbalar kuzatilib, ikki kishi halok boʻlgan.
Shuningdek, Poltava oblastidagi Kremenchug shahrida ham ikki kishi halok boʻlgan. Mahalliy rasmiylarga koʻra, bu yerda ham turar joy binosi zarbaga uchragan.
«Rossiya armiyasi bugun Putinga tugʻilgan kunida Chernihiv oblasti Priluki shahridagi koʻp qavatli uy binosi vayron qilinishini „sovgʻa“ qildi», – dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy zarbaga munosabat bildirib. Vladimir Putin 7-oktabr kuni 74 yoshga toʻldi.
Zelenskiy keng koʻlamli hujumning asosiy nishoni energetika infratuzilmasi boʻlganini taʼkidlab, rossiyaliklar «ogʻriqli va namoyishkorona zarba berishni xohlagani»ni qoʻshimcha qildi.

