Cheferin FIFA prezidentligi uchun saylovda qatnashmasligini ma’lum qildi

Cheferin FIFA prezidentligi uchun saylovda qatnashmasligini ma’lum qildi
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) prezidenti Aleksander Cheferin 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentligi saylovlarida ishtirok etish niyatida emasligini va tashkilotning amaldagi rahbari Janni Infantinoga raqobatchi bo‘lmasligini ma’lum qildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Cheferinning so‘zlariga ko‘ra, u FIFA prezidenti bo‘lishga qiziqmaydi. Cheferin UEFA’dagi ishidan ko‘ngli to‘qligini, shu bois FIFA prezidentligiga harakat qilmasligini aytgan. Uning fikricha, bu lavozimga da’vogarlik qilmagani uning o‘z obro‘si va mavqeyi uchun ham foydaliroq.
Ma’lumot uchun, FIFA prezidentligi saylovlari 2027-yilning mart oyiga rejalashtirilgan bo‘lib, saylov jarayonlari Marokashda bo‘lib o‘tadi. Cheferin 2016-yilning sentyabridan buyon UEFAga rahbarlik qilib kelmoqda va bu lavozimga ikki marta qayta saylangan. U UEFA rahbarligidan tashqari, FIFA vitse-prezidenti lavozimida ham ishlab keladi.
So‘nggi vaqtlarda Infantino jiddiy bosim ostida qolmoqda. Bunga uning FIFA tijorat huquqlarining 20 foizini xususiy investorlarga sotish orqali 4,2 milliard dollar ishlab topish rejasi barbod bo‘lgani sabab bo‘lgan. Agar ushbu kelishuv amalga oshganida, har bir federatsiyaga 40 million dollardan mablag‘ tegishi mumkin edi. Biroq UEFA, KONKAKAF, OFK (Osiyo futbol konfederatsiyasi) va KONMEBOL uni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan. Qolaversa, UEFA ushbu g‘oyadan rasman voz kechilmaguncha FIFA turnirlarini boykot qilishini e’lon qilgan.

