Texnologiya

ChatGPT bolasini oʻldirishni rejalashtirgan erkakni politsiyaga topshirdi

**ChatGPT o‘g‘lini o‘ldirishni rejalashtirgan shaxsni huquq-tartibot idoralariga ma’lum qildi**

Braziliyada o‘g‘lini o‘ldirishni rejalashtirgan erkak ChatGPT bilan yozishmalari tufayli hibsga olindi. Sun’iy intellekt ushbu shaxsning niyati haqida politsiyaga xabar bergan. Bu haqda Bild nashri ma’lum qildi.

Xabarlarga ko‘ra, 36 yoshli fermer ikki oydan ortiq vaqt davomida sun’iy intellekt bilan muloqotda bo‘lgan. Suhbatlar davomida u 8 yoshli o‘g‘lini va o‘zini o‘ldirishni rejalashtirganini bildirgan. Natijada, chatbotning xavfsizlik tizimi faollashib, ushbu xavf haqida politsiyaga xabar berilgan.

Xabarlar zanjiri xalqaro miqyosda davom etgan. Jumladan, erkakning yozishmalari sun’iy intellekt xavfsizlik tizimida xavotir uyg‘otgan. ChatGPT operatori bo‘lgan OpenAI bu haqda AQSH Federal qidiruv byurosiga (FQB) ogohlantirgan. FQB esa Braziliya hukumati bilan bog‘langan.

Ma’lumot 16-iyun kuni Braziliya Adliya vazirligining texnologik bo‘linmasi — Ciberlab’ga kelib tushgan. Oradan uch kun o‘tib, politsiya maxsus operatsiya o‘tkazib, erkakni hibsga olgan. Tergovchilarning ta’kidlashicha, erkak o‘z rejasini 20-iyun kuni amalga oshirishni ko‘zlagan. U bu sanadan to‘rt kun avval qo‘lga olingan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, rejalashtirilgan qotillikning sababi oddiy bo‘lgan. Ya’ni, erkak o‘g‘liga aliment to‘lashni istamagan va u bilan deyarli muloqot qilmagan. Erkakning xonadonini tintuv qilish chog‘ida tergovchilar noma’lum modda solingan to‘rtta idish va arqon topgan.

Erkak dastlab hibsga olingan, biroq 54 kunlik hibsdan so‘ng, 13-avgust kuni ozodlikka chiqarilgan. Sud uning ozod qilinishiga tergovning haddan tashqari cho‘zilib ketganini sabab qilib ko‘rsatgan. Endi erkak to‘pig‘iga elektron braslet taqib yurishi shart, shuningdek, unga o‘g‘li va uning onasiga yaqinlashish taqiqlangan.

“Agar sun’iy intellekt bilan suhbatlashish va safsata sotish jinoyat bo‘lsa, unda hamma qamalishi kerak”, deya bayonot berdi erkakning advokati Pedro Pessi.

Avvalroq ChatGPT o‘tgan yozda yangilanganidan so‘ng butun dunyo bo‘ylab yuzlab foydalanuvchilarga biologik qurol va zahar yaratish, ularni qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berib kelgani aniqlangandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.