ChatGPT 31 ta davlatdagi foydalanuvchilarga reklama ko‘rsatishni boshlaydi

ChatGPT 31 ta davlatdagi foydalanuvchilarga reklama namoyish etishni boshlaydi
ChatGPT 24-avgustdan boshlab Yevropaning 31 ta mamlakatidagi foydalanuvchilarga reklama ko‘rsatishni boshlaydi. Bu haqda chatbotni yaratgan OpenAI kompaniyasi ma’lum qildi.
Reklamalar ChatGPT’ning bepul va eng arzon Go obunasi foydalanuvchilarida paydo bo‘ladi. Plus, Pro va Enterprise tariflari bundan mustasno. OpenAI 31 ta mamlakatning to‘liq ro‘yxatini e’lon qilmagan, ammo ular orasida Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Niderlandiya va Avstriya bor.
Shu bilan birga, kompaniyaning reklama platformasida targeting uchun mavjud mamlakatlar ro‘yxati Yevropa Ittifoqining barcha 27 ta davlati, shuningdek, Islandiya, Lixtenshteyn, Norvegiya va Shveysariyani qamrab oladi.
Bu ChatGPT reklama dasturining ishga tushirilgandan buyon eng yirik kengaytmasidir. OpenAI 2026-yil fevral oyida AQSHda reklamani sinovdan o‘tkazishni boshlagan, shundan so‘ng uni yana sakkizta bozorga tarqatgan.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ChatGPT’dagi reklamadan allaqachon o‘n minglab marketologlar foydalangan. Yevropadagi mijozlar OpenAI Ads Solutions bo‘limi, agentliklar va texnologik hamkorlar orqali reklama joylashtirishi mumkin bo‘ladi. Kompaniya Ads Manager orqali mustaqil kirish imkoniyatini keyinroq ochishga va’da bermoqda.
Bloomberg yanvar oyida OpenAI ilk bor ChatGPT’ga reklama integratsiya qilishga tayyorlanayotgani haqida yozgan edi. O‘shanda kompaniya reklama eʼlonlari chatbot javoblari ostida ko‘rsatilishini hamda u bepul versiya va Go tarifi foydalanuvchilariga ko‘rinishini bildirgan edi.
OpenAI rahbari Sem Altman esa ChatGPT’ni monetizatsiya qilish uchun reklamani “eng so‘nggi chora” deb atagan edi. Kompaniya 18 yoshdan kichik foydalanuvchilarga reklama ko‘rsatmasligini maʼlum qilgan. Shuningdek, reklama beruvchilar foydalanuvchilarning yozishmalariga kira olmasligi, reklamalarning o‘zi esa ChatGPT javoblaridan ajratilgani va ularning mazmuniga taʼsir etmasligi taʼkidlangan.

