Centrum Holding Londonda 1 mlrd dollarlik IPO`ga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Centrum Holding yaqin 1−2 yil ichida aksiyalarini xalqaro birjaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Kompaniya asoschisi Abdulaziz Abdurahmonovga ko‘ra, IPO yangi sarmoyadorlarni jalb qilishga xizmat qiladi. 2025-yilda kompaniyaning yillik tushumi 1 mlrd dollarni, xodimlar soni esa 5000 nafarni tashkil etdi.

Centrum Holding Londonda 1 milliard dollarlik IPO'ga tayyorgarlik ko‘rmoqda
O‘zbekistonning eng yirik xususiy logistika guruhi bo‘lgan Centrum Holding kelasi yilda Londonda aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Bloomberg kompaniya asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonovga tayanib xabar berdi.
“Biz yaqin bir-ikki yil ichida IPO'ga tayyor bo‘lishni maqsad qilganmiz”, — dedi u Toshkentda agentlikka bergan intervyusida. Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya aksiyalarni joylashtirishni, avvalo, biznesni yanada kengaytirishga yordam beradigan investorlarni jalb qilish imkoniyati deb biladi.
2019-yilda aviayuk tashuvchisi sifatida ish boshlagan Centrum, O‘zbekiston orqali amalga oshirilayotgan tranzit yuk tashuvlarining o‘sishi fonida yerosti logistikasini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Abdurahmonov bu strategiyani mamlakatning Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi savdo yo‘llari chorrahasi sifatidagi tarixiy roliga ishora qilib, “zamonaviy Ipak yo‘lini qurish” deb atadi.
“Bir paytlar xorijiy investorlar O‘zbekistonni Pokiston deb o‘ylashar edi. Hozir esa o‘zbek kompaniyalari uchun biznes yuritishning ayni vaqti”, — dedi Abdurahmonov.
37 yoshli Abdulaziz Abdurahmonov Centrum kompaniyasini Uzbekistan Airways'dagi olti yillik faoliyatidan, xususan, tijorat direktori lavozimidan ketganidan so‘ng asos solgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Toshkent markazidagi maydoni 29 kvadrat metr bo‘lgan ofisda ish boshlagan va u yerdagi ilk jihoz uyidan olib kelingan divan bo‘lgan.
Dastlabki ikki yil davomida Centrum aviayuklarni ekspeditorlik qilish bilan shug‘ullangan: bir nechta mijozlarning yuklarini birlashtirib, ularni tashish uchun samolyotlarni ijaraga olgan. Pandemiya davridagi talabning o‘sishi kompaniyaga 2022-yilda o‘zining birinchi samolyoti — Boeing 747−200 °F yuk kemasini xarid qilish imkonini bergan. Taxminan bir yil o‘tgach, ushbu eskirgan yuk kemasi sotib yuborilgan va kompaniya yangiroq samolyotlarni ijaraga olishga o‘tgan.
Hozirda Centrum yuk va yo‘lovchi aviakompaniyalari, turistik kompaniya, logistika markazlari, portlar va temiryo‘l vagonlarini boshqarmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda guruhning daromadi 1 milliard dollarni tashkil etdi, xodimlar soni esa 5000 nafarga yetdi.
Xabarlarga ko‘ra, kompaniya O‘zbekiston aviayuk bozorining 40% dan ortig‘ini va yo‘lovchi tashish bozorining 30% gacha qismini nazorat qiladi. Abdurahmonov kelgusi yil davomida bu ulushni 50% gacha oshirish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Centrum, shuningdek, Xitoy va Yevropani Markaziy Osiyo hamda Kavkaz orqali bog‘laydigan O‘rta koridor bo‘ylab multimodal yuk terminallari tarmog‘ini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya temiryo‘l vagonlari va yuk mashinalari parkini ko‘paytirish, shuningdek, Kaspiy dengizi orqali yuk paromi qatnovini rivojlantirish niyatida.
Guruhning 2026−2027-yillardagi investitsiyalari 100 million dollardan oshishi kutilmoqda. Centrum bu mablag‘ning yarmidan ko‘pini moliyaviy institutlar va soha hamkorlari hisobidan jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Guruh Toshkentdan taxminan 100 km uzoqlikda O‘zbekistondagi eng yirik ichki logistika markazi (yoki quruq port)ni boshqaradi va poytaxtning kelajakdagi aeroporti yonida yanada yirik obyektni qurmoqda. Kompaniya allaqachon mamlakatdagi eng yirik konteyner platform

